x

Qozog`istonning Turkiston viloyatida bolalarni uydan bog`chaga, bog`chadan uyga olib borib qo`yadigan mashina 5 yoshli bolani bosib ketdi, u voqea joyida vafot etdi. Bu haqda “Nur.kz” xabar berdi. 

Ma'lum qilinishicha, mazkur baxtsiz hodisa joriy yilning 20 oktyabr' kuni sodir bo`lgan.

“Bolalar odatda mashinadan tushgach, uni old tomondan chetlab o`tadi. Har safar shunday bo`lar edi. Ukam mashina eshigini yopganidan 5-6 soniya o`tgach, mashina oldinga siljida va uni bosib ketdi. Qo`shnilar haydovchini vaziyatdan xabardor qilguniga qadar bola o`lib bo`lgan edi”, deydi vafot etgan bolaning kichik amakisi. 

Viloyat hokimligiga ko`ra, hozirda ushbu holat yuzasidan sudgacha tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Ushbu fakt bo`yicha mamlakat Jinoyat kodeksining 345-moddasi (yo`l harakati qoidalarini buzish yoki transport vositalaridan foydalanish vaqtida beparvolik tufayli inson salomatligiga jiddiy zarar etishi) bilan sudgacha tergov boshlandi”, deyiladi hokimlik xabarida. 

Eslatib o`tamiz, avvalroq Qozog`istonning Olmaota shahridagi turar-joy majmuasida plastik qoplamali tom ustiga chiqqan 6 yoshli bola yiqilib vafot etgan edi. Holat yuzasidan uning ota-onasiga nisbatan mamlakat Jinoyat kodeksining 140-moddasi 2-qismi (Voyaga etmaganlarni tarbiyalash bo`yicha majburiyatlarni bajarmaslik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgandi.

To Top ↑
To Top ↑