Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligining ichki audit xizmati tomonidan Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar institutida byudjet va byudjetdan tashqari mablag`lardan samarali hamda maqsadli foydalanganligi holati yuzasidan o`rganish o`tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
O`rganish natijalariga ko`ra, Qashqadaryo viloyati “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmachiligida Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar institutida amalga oshirilgan mukammal ta'mirlash ishlarida jami 904,2 million so`m, jumladan, 36 million so`mlik bajarilmagan ishlarni hisobotlarga qo`shib yozilgani hamda 868,2 million so`mlik etkazib berilmagan jihozlar kamomadi aniqlangan.
Hozirda o`rganish natijalari yuzasidan to`plangan barcha hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquq-tartibot organlariga yuborilgan.
Avvalroq Andijon davlat universitetida qariyb 40 milliard so`m talon-toroj qilingani ma'lum bo`lgandi. Undan oldin O`zbekistonda 28 ta davlat organlari va tashkilotlarining 115 turdagi ma'lumotlar bazasidan real vaqt rejimida foydalanish tizimi yo`lga qo`yilib, yagona “Masofaviy nazorat” markazi tashkil etilgani to`g`risida xabar berilgan edi.