O`zbekistonda yil boshidan beri kamida 1240 nafar bola zo`ravonlikka, shundan 417 nafari jinsiy zo`ravonlikka uchragan. Ijtimoiy himoya agentligi, Adliya vazirligi va UNICEF bolalarni zo`ravonlikdan himoyalashga doir qonun loyihasini ishlab chiqdi. “Biz bu dolzarb masala bo`yicha sukunatni buzmoqchimiz va jamiyatdagi munosabatni o`zgartirmoqchimiz”, – dedi Shahnoza Mirziyoeva loyiha taqdimotida.
Bugun, 10 oktyabr kuni Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Adliya vazirligi va UNICEF hamkorligida “Bolalarni zo`ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to`g`risida”gi qonun loyihasi taqdim etildi. Bu haqda Gazeta.uz xabar bermoqda.
Tadbir ishtirokchilari zo`ravonlikning oldini olish va ularga qarshi kurashish bo`yicha ko`p tarmoqli xizmatlarni ishlab chiqish va joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini qabul qilish uchun “tezkor va qat'iy choralar ko`rish”ga chaqirdi.
Hujjatning qabul qilinishi bolalarning huquqiy himoyasini kuchaytirishi va oilaga maslahat berish, psixologik-ijtimoiy qo`llab-quvvatlash, hayotiy ko`nikmalarni o`rgatish hamda xavfsiz uy-joy kabi qo`llab-quvvatlash tizimlarini takomillashtirishi kutilmoqda.
UNICEF tomonidan yaqinda o`tkazilgan ko`p ko`rsatkichli so`rov shuni ko`rsatdiki, O`zbekistonda 1 yoshdan 14 yoshgacha bo`lgan bolalarning uchdan ikki qismi (62%) zo`ravonlik bilan tarbiyalash usullariga (jismoniy jazo, psixologik tajovuz) uchragan, 15−19 yoshdagi qizlarning 33 foizi er o`z xotinini urishga haqli deb hisoblaydi.
O`zbekistonda 2023 yilning 9 oyida voyaga etmaganlarga nisbatan 1240 ta zo`ravonlik holati qayd etilgan bo`lsa, shundan 417 tasi jinsiy zo`ravonlikdir, dedi prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya agentligi direktorining birinchi o`rinbosari Shahnoza Mirziyoeva.
“Oilaviy zo`ravonlik holatlari ko`payib borayotgani dahshatli. Tasavvur qiling, joriy yilning 9 oyida qarindoshlar, jumladan, yaqinlar tomonidan bolalarga nisbatan 166 ta zo`ravonlik holatlari qayd etilgan. Afsuski, hatto rasmiy statistika ham ko`lamni ob'ektiv baholashga imkon bermaydi. Haqiqiy holat bundan ham battar”, -deya Mirziyoevaning so`zlarini keltirmoqda Gazeta.uz.
“Zo`ravonlik qurboni bo`lgan bolalar odatda zo`ravonlikka duchor bo`lganliklari haqida xabar bermaydilar. Ko`pincha ular qo`rquv, uyat hissi yoki oilaga sadoqat hissi sabab sodir bo`lgan holat haqida indamaydi. Ayniqsa, zo`ravon bolaga eng yaqin odamlardan biri bo`lsa”, – dedi Shahnoza Mirziyoeva.
Uning ta'kidlashicha, maktab, oilada bolalarga nisbatan zo`ravonlik qilingani ma'lum bo`lsa ham, odamlar haligacha bola taqdiriga befarqlik bilan qaraydi, bu haqda vasiylik, homiylik va huquq-tartibot organlariga xabar berishmaydi.
Ijtimoiy himoya agentligi rasmiysining qo`shimcha qilishicha, internetga kirish imkoniyati ortib borayotgani sababli, bolalarga nisbatan zo`ravonlikning kiberbulling va onlayn jinsiy ekspluatatsiya kabi yangi shakllari vujudga kelmoqda. Zo`ravonlik holatlari “qo`rqinchli va ko`pincha bolaning hayotini o`zgartirib yuboradigan” oqibatlarga olib keladi.
“Shuningdek, huquq-tartibot idoralari e'tiborini zo`ravonlik profilaktikasini kuchaytirish, javob choralarini yaxshilash va zo`ravon bilan ishlash zarurligiga qaratmoqchiman. Biz bu muammoga ko`z yumishni bas qilishimiz kerak”, – dedi Shahnoza Mirziyoeva.
“Biz ushbu dolzarb masala bo`yicha sukunatni buzmoqchimiz va jamiyatdagi munosabatni o`zgartirmoqchimiz”, – deya qo`shimcha qildi u.
Ijtimoiy himoya organi direktorining birinchi o`rinbosari bolalarni zo`ravonlikdan himoya qilish to`g`risidagi qonun loyihasida nimalar aks etishi kerakligi bo`yicha o`z takliflarini aytib o`tdi.
1. Bolalarga nisbatan zo`ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan choralarni tubdan kuchaytirish. “Bolalarga nisbatan jinsiy zo`ravonlikning oldini olish bo`yicha yanada qat'iy choralarni joriy etish bo`yicha xalqaro tajribani o`rganish vaqti keldi. Masalan, bir qator mamlakatlarda ixtiyoriy va majburiy kimyoviy kastratsiya, shuningdek, jinsiy zo`ravonlik sodir etgan shaxslarni umrbod kuzatib borish uchun bilaguzuklar joriy qilingan, xavfli shaxslarning reestri ommaga e'lon qilingan. Men ushbu masalani o`rganib, barcha fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda tegishli takliflar ishlab chiqishni taklif qilaman”, – dedi Shahnoza Mirziyoeva.
2. Zo`ravonlik holatlari bo`yicha faktlarni yashirish yoki murojaatlarga javob bermaslik holatlarida mansabdor shaxslarning javobgarligini kuchaytirish. “Biz bilamizki, afsuski, bu tez-tez sodir bo`lmoqda”, – dedi u.
3. Zo`ravonlik xavfi ostida bo`lgan bolalar, shu jumladan ota-onasi uzoq vaqt yo`q bo`lgan bolalar, mehnat migrantlarining farzandlari ro`yxatini kengaytirish.
4. Yangi ijtimoiy xizmatning vazifalarini hamda uning huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa organlar bilan bolalar huquqlarini ta'minlash nuqtayi nazaridan o`zaro munosabatlarini aniq belgilash.
5. Himoya orderi berish vaqtini qisqartirish va zo`ravonlik holatlariga munosabatni yaxshilash.
6. Barcha bosqichlarda zo`ravonlik qurbonlari haqidagi ma'lumotlarning maxfiyligini ta'minlash.
7. Dolzarb mavzu – bullingga e'tibor berish kerak.
Shahnoza Mirziyoeva joriy yilning 9 oyida zo`ravonlik oqibatida 22 nafar bola halok bo`lganini ta'kidladi.
“Ularni endi qaytarib bo`lmaydi. Najot topishi mumkin bo`lgan bolalarga yordam berish uchun bugun muhokama qilinayotgan qonunni qabul qilishni tezlashtirish juda muhim, deb hisoblayman”, – dedi u.
UNICEFning Yevropa va Markaziy Osiyo bo`yicha mintaqaviy direktori Regina De Dominikis va tashkilotning O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade / Foto: UNICEF
Davra suhbatida ilk bor Toshkentga tashrif buyurgan UNICEFning Yevropa va Markaziy Osiyo bo`yicha mintaqaviy direktori Regina De Dominikis ham so`zga chiqdi.
“Bu qonun qabul qilinsa, O`zbekiston farzandlarining hayotini o`zgartirishi, ularni himoya qilishi, o`qitish va o`z salohiyatini ro`yobga chiqarish imkonini berishi mumkin. Qonun loyihasining maqsadi bolalarni himoya qilishning eng yuqori standartlarini aks ettiradi, bu shunchaki qog`ozdagi so`zlar emas, balki O`zbekistondagi barcha bolalar hayotini o`zgartiruvchi kuchdir”, dedi u.
Oliy sud axborot xizmati Kun.uz'ga 2023 yilning o`tgan 6 oyi davomidagi sud hukmlari asosida yig`ilgan statistikani taqdim etdi. Unga ko`ra, ushbu davrda:
- 15 nafar shaxs 14 yoshga to`lmagan shaxsning nomusiga tekkan;
- 44 nafar shaxs 14 yoshga to`lmagan shaxsga nisbatan zo`rlik ishlatib, qo`rqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib, jinsiy ehtiyojini g`ayritabiiy usulda qondirgan;
- 163 nafar shaxs 16 yoshga to`lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilgan;
- 35 nafar shaxs 16 yoshga to`lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilgan.