Shimoliy Qozog`iston viloyatida o`z farzandlarini zo`rlagan O`zbekiston fuqarosi umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda “Inform.kz” xabar berdi.
Malum qilinishicha, mast holda voyaga etmagan qiziga nisbatan jinsiy zo`ravonlik qilish jinoyatini sodir etgan O`zbekiston fuqarosining sud jarayoni yopiq eshiklar ortida o`tgan.
Sudlanuvchining aybi jabrlanuvchilar, ularning qonuniy vakili, guvohning ko`rsatmalari, ekspert xulosalari bilan aniqlangan. Ayblov xulosalariga ko`ra, erkak ikki nafar farzandi – qizi va o`g`liga nisbatan uch yil davomida bir necha marta jinsiy zo`ravonlik qilgani tasdiqlangan. Biroq sudlanuvchi va uning advokati qo`yilgan ayblovlarni rad etib, oqlashni so`ragan.
Sud sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, ishning holatlari, aybdorning shaxsini hisobga olgan holda, eng og`ir jazoni tayinlash zarur degan xulosaga kelgan. Jinoyat ishlari bo`yicha ixtisoslashtirilgan tumanlararo sudi hukmiga ko`ra, ushbu shaxs umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.
Eslatib o`tamiz, avvalroq Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida politsiya voyaga etmagan maktab o`quvchisini zo`rlaganlikda gumon qilib, 55 yoshli o`zbekistonlik muhojirni qo`lga olgan edi. Aniqlik kiritilishicha, u Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 131-moddasi 3-qismi (zo`rlash) bilan javobgarlikka tortilgan.