Toshkent shahar Mirzo Ulug`bek tumanidagi 148-sonli (sobiq 71-) umumta'lim maktabida o`qituvchi tomonidan o`quvchini urgani haqida videolar tarqaldi. Shahar Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi holat yuzasidan ma'lumot berdi.
Mazkur holat tuman hokimligi hamda tuman maktabgacha va maktab ta'limi bo`limi tomonidan o`rganildi. Unga ko`ra, maktabda joriy yil davomida o`quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida bepul harbiy sport to`garagi tashkil etilgan. Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan tasvirlarda aks etgan jarayonda ushbu maktabning 9-sinf o`quvchisi A.A. tomonidan 4-sinf o`quvchisi P.D.ni urgani aks ettirilgan. Bugungi kunda P.D.ning salomatligiga hech qanday zarar etmagan, sog`lom.
Holat bo`yicha tuman hokimligi, tuman maktabgacha va maktab ta'limi bo`limi mas'ullari tomonidan harbiy sport to`garagi faoliyati tugatildi. O`quvchilarning o`zaro munosabatlari to`g`risida o`quvchilar va ularning ota-onalari bilan tushuntirish ishlari olib borildi. Tuman voyaga etmaganlar ishlari bo`yicha komissiya xulosasiga asosan ish olib borilishi ta'kidlab o`tildi.