Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi barcha kasb-hunar ta'limi muassasalarini yaxlit tizim sifatida muvofiqlashtiradi, deya ta'kidlandi prezidentga qilingan taqdimotda. Kelgusi o`quv yilidan boshlab ayrim texnikumlarda xalqaro dastur asosida o`qitishni yo`lga qo`yish rejalashtirilmoqda.
Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi barcha kasb-hunar ta'limi muassasalarini yaxlit tizim sifatida muvofiqlashtiradi. Bu haqda 4 oktyabr' kuni prezident Shavkat Mirziyoev tanishgan professional ta'lim va kasb-hunar borasida o`tkazilgan taqdimotda ma'lum qilindi.
«Jahon hamjamiyati ham professional ta'lim va kasb-hunarga [e'tibor qaratmoqda]. Ko`p yillar davomida biz shu sohaga qayta-qayta qaytyapmiz. Maktablarda 10−11-sinflarda kasb-hunarga o`qitish, tillarga o`qitish qanday natijasini beryapti? Mana shu natijalardan saboq nima? Texnikumlarning maktablar bilan hamohangligi qanday bo`ladi? Texnika rayonning sharoitidan kelib chiqib o`qitishi kerak. Hokim yordamchilarining ta'siri ham katta bo`lishi kerak», — dedi prezident («O`zbekiston 24» telekanalidagi interv'yuda).
Bugungi kunda o`rta bo`g`in mutaxassislari, asosan, ikki yo`nalishda — Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidagi kasb-hunar maktablari va texnikumlar hamda Kambag`allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga qarashli monomarkazlarda tayyorlanmoqda.
689 ta professional ta'lim muassasasida 714 ta kasb va mutaxassislik hamda 20 ta «Ishga marhamat» monomarkazida aholiga 54 ta kasb va 6 ta xorijiy til o`rgatilmoqda.
O`quvchilarga bir vaqtda ham o`qish, ham ishlab daromad topish imkonini beradigan «dual ta'lim» shakli joriy etildi. Bu tizim samarasida 2 ming korxona bilan birgalikda 6 ming yigit-qiz o`qitilmoqda. Shuningdek, yoshlarga 9-sinfdan keyin kasb-hunar maktabi, 11-sinfdan esa kollej va texnikumda turli mutaxassisliklar o`rgatilmoqda, deyiladi hisobotda.
Shu bilan birga, sohada muayyan bo`shliqlar ham bor. Ayrim ta'lim dasturlari hayot talabi bilan bog`lanmagan. Professional ta'lim maktab o`quvchilarini o`ziga jalb qila olmayapti. Oqibatda mavjud quvvatlar to`la ishlatilmayapti.
Monomarkazlar o`rta bo`g`in kadrlariga bo`lgan ehtiyojni to`liq qondira olmayapti. Bitiruvchilarga malaka razryadi berish joriy etilmagani sababli ular qo`shimcha imtihon topshirayapti. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan professional ta'lim o`rtasida hamkorlik yo`q. Chet tillarini o`rgatish va tasdiqlovchi hujjat berish bo`yicha ishlar etarli emas, deyiladi xabarda.
Ushbu kamchiliklarni bartaraf etib, kasbga o`qitish sifatini oshirish maqsadida tegishli vazirliklar tomonidan yangi takliflar ishlab chiqilgan. Taqdimotda mutasaddilar shu borada atroflicha axborot berdi. Mazkur takliflarda xorijiy ta'lim dasturlarini joriy etish, bitiruvchilar malakasining ichki va tashqi bozorda tan olinishini ta'minlash, o`quvchilarni kollej va texnikumlarga kengroq jalb etish, monomarkazlarda kasbga o`qitish sifatini yaxshilash chora-tadbirlari nazarda tutilgan.
Davlat rahbari ushbu takliflarni takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha topshiriqlar berdi. Aholi bandligi eng muhim masala ekani, yoshlarga kasb-hunarlarni tumanlar ixtisoslashuvidan hamda korxonalar ehtiyojidan kelib chiqib, aniq yo`nalishlar bo`yicha o`rgatish kerakligini ta'kidladi.
Kelgusi o`quv yilidan har bir viloyatda dunyo tan olgan dastur asosida kasb-hunarga o`qitish yo`lga qo`yiladi. Ularning bitiruvchilari xalqaro malaka va xorijiy til sertifikatiga ega bo`ladi. Shuningdek, ilg`or kasbiy ta'lim va kasbga o`qitish sifatini ta'minlash mezonlari tatbiq etiladi.
Monomarkazlarda kasblar ish beruvchilarning buyurtmasi asosida o`qitiladi, bu bitiruvchilarning ishga joylashishida muhim omil bo`ladi.
Mutasaddilarga professional ta'lim tizimini rivojlantirishning yilma-yil dasturini ishlab chiqish vazifasi qo`yildi.
Kambag`allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayevning ma'lum qilishicha, prezidentning Germaniyaga tashrifi chog`ida nemis tomoni mehnat bozorida 50 ming avtobus va yuk mashinasi haydovchisiga talab mavjudligini aytgan. «Oylik yaxshi. Lekin ular o`z standartlariga muvofiq o`qitilishi kerakligini aytishdi. Biz monomarkazlarimiz qoshida migratsiyaga ketadiganlarni tayyorlaydigan markazlarini tashkil etishga kelishib keldik», — dedi u.
Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov prezident tomonidan umumta'lim maktablarini texnikumlar, texnikumlarni oliy ta'lim bilan bog`lash bo`yicha ko`rsatmalar berilganini ta'kidladi.