Britaniya hukumati «chekmaydigan avlod»ni yaratish maqsadida Angliyada 2008 yildan keyin tug`ilganlarga tamaki mahsulotlarini sotishni taqiqlashni rejalashtirmoqda. Bu 2040 yilga borib yoshlar orasida chekishni deyarli tamomila to`xtatish imkonini beradi, — deyiladi xabarda.
Buyuk Britaniya hukumati 2009 yil 1 yanvar' yoki shu sanadan keyin tug`ilganlarga Angliyada tamaki mahsulotlarini sotishni taqiqlovchi qonunchilikni joriy etishni rejalashtirmoqda. Shu yo`l orqali mamlakat hukumati birinchi «chekmaydigan avlod»ni yaratishga urinmoqda.
Britaniya hukumati veb-saytiga ko`ra, 14 yoshga to`lgan yoki undan kichik bo`lgan bolalarga qonuniy ravishda sigaret sotilmasligini ifoda etuvchi o`zgarish chekish yoshini har yili bir yilga samarali oshiradi. «Bu 2040 yilga borib yoshlar orasida chekishni deyarli tamomila to`xtatish imkonini beradi», — deyiladi xabarda.
«Men farzandlarimiz uchun yaxshiroq va yorqin kelajakni qurmoqchiman, shuning uchun chekishni butunlay yo`q qilmoqchiman. Bu o`zgarishlar farzandlarimiz hech qachon sigaret sotib ololmasligini anglatadi», — dedi Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak.
Britaniya hukumati ma'lumotlariga ko`ra, Buyuk Britaniyada har yili chekish oqibatlari tufayli 64 mingga yaqin odam vafot etadi. Bundan tashqari, har oy umumiy amaliyot shifokoriga 75 mingtagacha kelib tushayotgan shikoyatlar chekish bilan bog`liq kasalliklar tufaylidir. Chekish, shuningdek, mamlakat iqtisodiyotiga har yili taxminan 17 milliard funt sterling zarar keltiradi.
«Chekish jinoyat deb topilmaydi. Bosqichma-bosqich yondashuv shuni anglatadiki, hozir qonuniy ravishda sigaret sotib olishi mumkin bo`lganlar kelajakda ham sotib olishi mumkin bo`ladi», — deyiladi xabarda.
Hukumat, shuningdek, yoshlar o`rtasida veyping (elektron sigaret)ga qarshi kurash choralarini ko`rish niyatida ekanini e'lon qildi.
Shunga o`xshash qonun Yangi Zelandiyada 2022 yildan beri amalda bo`lib, 2009 yoki undan keyin tug`ilgan fuqarolarga butun umri davomida sigaret sotib olishni taqiqlaydi. Bu yil yozda mamlakat rasmiylari bir martalik veyplarni sotishni ham taqiqlagan.