x

Samarqandda BMTning Iqlim o`zgarishi bo`yicha konferentsiyasi — COP-28ga bag`ishlangan Markaziy Osiyo yoshlar ekologik oromgohining tantanali yopilish marosimi bo`lib o`tdi.

Marosimda «Zamin» fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoeva, UNICEF ijrochi direktori o`rinbosari Ted Chaiban, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri Hilola Umarova, Yoshlar ishlari agentligi direktori o`rinbosari Dilnozaxon Kattaxonova, BMT tuzilmalari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Ma'lumot uchun, Markaziy Osiyo yoshlar ekologik oromgohi 1-5 oktyabr kunlari Samarqand shahrida Barqaror rivojlanish madaniyatini ilgari surish hamda bolalar va yoshlarni iqlim kun tartibiga jalb qilish bo`yicha Markaziy Osiyo strategiyasini ishlab chiqish maqsadida tashkil etildi.

Oromgohda 5 ta mamlakatdan kelgan 60 nafar ekofaol, olimlar va xorijiy tashkilotlar vakillari Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanish madaniyatini rivojlantirish strategiyasini muhokama qilishdi.

Shuningdek, eko-oromgoh doirasida «Eko-Zakovat» intellektual o`yini o`tkazildi.

Ta'kidlash joizki, eko-oromgohda yosh ekofaollar dunyoni yanada yaxshiroq qilish, ekologiyani asrash yo`lida birlashishdi. Hususan, Ekologiya vazirligi huzurida Yoshlar qo`mitasini tashkil etish, ishlab chiqilgan qoidalar va atrof-muhit dasturlari bo`yicha ovoz berish hamda fikr bildirish imkoniyatini yaratish, ishga joylashish va universitetga kirish vaqtida volontyorlik faoliyatini hisobga olish, yo`qolgan o`simliklarning o`rnini qoplash, aholi, ayniqsa, yoshlarning ekologik madaniyatini yuksaltirish uchun sun'iy o`rmonlar barpo etish, ekostartaplarni moliyalashtirish orqali zararli chiqindilarni kamaytirish, elektromobillar ishlab chiqarishni ko`paytirish va yoqilg`ida harakatlanuvchi transport vositalarining katalizatorlarini yaxshilash kabi muhim takliflarni ilgari surishdi.

Eko-oromgoh yakunida «Ipak yo`li» xalqaro turizm va madaniy meros universiteti hududida daraxt ko`chatlari o`tqazilib, esdalik nishoniga imzo chekildi.

Markaziy Osiyo yoshlar ekologik oromgohidan asosiy maqsad yoshlarning iqlim o`zgarishlariga qarshi kurashishdagi rolini e'tirof etish, yosh eko-faollarga ekologik taklif va tashabbuslarni ilgari surish uchun platforma taqdim etish hamda Markaziy Osiyoda yoshlar ekologik harakatini integratsiya qilishdan iborat.

To Top ↑
To Top ↑