Har yili aholi zilzila vaqtida harakatlanish bo`yicha mashg`ulotlarda o`qitiladi. Bog`cha bolalari, maktab, texnikum o`quvchilari, oliygoh talabalari, shuningdek, ishchi-xodimlar ham maxsus tayyorgarlikdan o`tkaziladi.
O`zbekistonda aholini zilzilaga tayyorlashga mo`ljallangan milliy elektron platforma ishga tushiriladi. Bu «Aholini zilzilada harakatlanishga tayyorlash tizimini tashkil etish to`g`risidagi» Vazirlar Mahkamasi qarorida belgilangan.
«Aholini zilzilaga tayyorlash haftaligi» doirasida xar yili respublikadagi barcha mahallalarda aholi ishtirokida zilzila bilan bog`liq favqulodda vaziyatlarda xavfsizlikni ta'minlash bo`yicha qo`mondonlik-shtab, maxsus-taktik va ob'ekt o`quv mashqlari o`tkazib boriladi.
Bog`cha bolalari, maktab, texnikum o`quvchilari, oliygoh talabalari milliy elektron platforma orqali, shuningdek, maxsus mashg`ulotlar orqali tayyorgarlikdan o`tkaziladi. Ishlab chiqarish va xizmat ko`rsatish sohasida band bo`lgan aholi, harbiy xizmat, davlat tashkilotlari rahbar xodimlari o`quv mashqlarida tayyorgarlikdan o`tadi.
Milliy elektron platforma orqali malaka oshirish va qayta tayyorlash o`quv kurslari faoliyatini Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda nazorat qiladi.