Angliya maktablarida mobil' telefonlardan foydalanishni taqiqlash masalasi ko`rib chiqilmoqda. Bu haqda Buyuk Britaniya ta'lim vazirligi bayonotida ma'lum qilindi.
Unga ko`ra, Qirollik Ta'lim vaziri Jillian Kigan Angliya maktablarida mobil' qurilmalarni ishlatishni cheklashni maslahat bergan.
“Ushbu chora-tadbirlar buzg`unchi xulq-atvor va onlayn bezorilikka qarshi kurashishga hissa qo`shadi. Shuningdek, o`quvchilarning darsga bo`lgan e'tiborini oshiradi”, deyilgan Ta'lim vazirligi bayonotida.
Vazir kun davomida, hatto tanaffus paytida ham mobil' telefonlarni ishlatmaslikni tavsiya etadi.
Agar maktablarda ushbu talablar to`liq kuchga kirmasa, hukumat kelgusi yilda majburiy qonunchilik aktini qabul qilishga majbur bo`ladi.
Ma'lumot o`rnida, Frantsiya, Italiya va Portugaliya maktablarida allaqachon dars paytida qo`l telefonlaridan foydalanish mumkin emas. Avvalroq BMT ham o`quv muassasalarida smartfonlarni ishlatish xavfidan ogohlantirgan edi.
Britaniya hukumatining bildirishicha, Angliyadagi maktab o`quvchilarining taxminan uchdan bir qismi – 29 foizi dars paytida smartfonlarini o`ynab o`tirishi aniqlangan.