Qirg`iziston Milliy gospitalida jarrohlar kam uchraydigan patologiya bo`yicha operatsiya o`tkazdi. Ular 18 yoshli qizning oshqozonidan 4 kg soch o`ramini chiqarib oldi.
Ma'lum qilinishicha, 18 yoshli qiz ko`ngil aynishi, ovqatdan keyin qusish, hazm qilishdagi muammolar, vazn yo`qotish va og`ir umumiy zaiflik bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Shifokorlar qizda umumiy tekshiruv o`tkazgan va uning butun oshqozon bo`shlig`ini 35 sm o`lchamdagi va taxminan 4 kg og`irlikdagi katta soch o`rami egallab olganini aniqlagan.
Ularning bildirishicha, yutilgan moddalar, nooziq-ovqat zarralari va shilimshiqlar soch tolalari bilan birikib, bezoar (oshqozon, ichak traktida hosil bo`lgan begona to`qimalar) to`qimalarni hosil qilgan. Keyinchalik u o`simtaga o`xshash hajmli shakllanishga aylanib, trixobezoarni keltirib chiqargan.
Jarrohlar Abdulla Matmuratov va Tamerlan Jumabekov operatsiya o`tkazib, oshqozondagi ulkan o`ramni olib tashlagan.