O`zbekistonda endi tibbiyot talabalari robot-simulyatorlar yordamida inson omilisiz imtihon topshiradi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Ilm-fan va ta'lim boshqarmasi boshlig`i O`ktam Ismoilov ma'lumot berdi.
«2023/2024 o`quv yilidan boshlab bakalavriat, magistratura va klinik ordinatura bosqichlari talabalarining nazariy hamda amaliy bilim-ko`nikmalari inson omilisiz, maxsus robot-simulyatorlar orqali baholanadi», — deydi O`ktam Ismoilov.
Qayd etilishicha, muassasalarda ushbu uskunalarni o`rtanish ishlari olib borilmoqda. Talabalar klinik imtihonlardan o`ta olsa, shifokor bo`lib ishlashiga ruxsat beriladi.
2024/2025 o`quv yilidan barcha davlat va nodavlat tibbiyot oliy ta'lim muassasalarida ikki bosqichli davlat imtihonlarini o`tkazish tizimi joriy etiladi. 1-bosqichda talabalar fundamental fanlar bo`yicha yakuniy davlat imtihonlarini topshirsa, 2-bosqichda klinik fanlarni o`zlashtirganlik darajasi baholanadi.
Dastlabki imtihonni muvaffaqiyatli topshirganlarga kursdan kursga o`tishga, klinik bilimlarga oid sinovlarda yaxshi natija ko`rsatganlarning esa amaliyotda shifokor bo`lib ishlashiga ruxsat etiladi.
Sog`liqni saqlash vazirining tegishli buyrug`i bilan 2023/2024 o`quv yilida klinik ordinatura va internatura yo`nalishi bo`yicha imtihonlarni tashkil etish maqsadida test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, baholash mezonlari va ularni shakllantiruvchi ekspertlar guruhi tasdiqlandi. 2023 yildan boshlab klinik ordinatura va internaturaga kirish imtihonlari inson omilidan butunlay xoli bo`ladi.
O`ktam Ismoilovning ta'kidlashicha, shu paytgacha suhbat asosida o`tkazib kelingan qabul jarayonlari tugatiladi. Endilikda tibbiyot oliy ta'lim muassasalari va ularning filiallari, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, ilmiy tadqiqot institutlarida klinik ordinatura va internatura mutaxassisliklari bo`yicha kirish imtihonlari bir bosqichli test sinovlari asosida Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o`tkaziladi.
Bunda har bir talabgor uchun BHMning yarim baravari miqdoridagi to`lov tegishli tibbiy ta'lim muassasasi tomonidan to`lab berilishi belgilangan. Qabul jarayonlari yiliga 2 marta tashkil etilishi ham nomzodlar uchun qo`shimcha imkoniyat beradi.
Yuqorida keltirilgan «Yo`l xatirasi»ga asosan etakchi xususiy klinikalarda klinik ordinatura dasturlari asosida tor doiradagi mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish ko`zda tutilgan.
Shuningdek, davlat tibbiy oliy ta'lim muassasalarining xirurgiya, kardiologiya, stomatologiya va terapiya kabi qator kafedralariga rivojlangan xususiy ko`p tarmoqli tibbiyot muassasalarida o`quv-klinik amaliyot bazasini tashkil etishga ruxsat beriladi.
Hususiy tibbiyot muassasalarining klinik ordinaturaga qabul jarayonlari ham davlat muassasalarida bo`lganidek, Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan bir bosqichli test shaklida yiliga 2 marta amalga oshiriladi.