Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti (JSST) so`nggi yillarda vabo bilan kasallanish holatlari ikki baravar ko`payganini ma'lum qildi. Jumladan, vabo 44 davlatda aniqlangan bo`lib, 2023 yili kasallik 35 davlatga tarqalgandi. Kasallik aniqlangan davlatlar orasida qo`shni Afg`oniston ham etakchilik qilmoqda.
Sanepidqo`mita holat yuzasidan aholiga kasallik, uning belgilari va profilaktik tadbirlar bo`yicha ma'lumot berdi. Quyida ular bilan bo`lishamiz.
Vabo qanday kasallik?
Vabo — vibrionlar qo`zg`atadigan, ingichka ichakning yallig`lanishi, intoksikatsiya. U umumiy ahvolning tez og`irlashishi va organizmning suvsizlanishi bilan davom etadigan o`tkir, o`ta xavfli yuqumli kasallikdir. Yuqish omillari suv, oziq-ovqatlar, ifloslangan qo`llar, maishiy chiqindilar, hasharotlar (pashsha). Ushbu omillardan eng asosiysi vabo vibrionlari bilan zararlangan suv hisoblanadi.
Kasallik belgilari:
- Ichning ko`p marotaba guruch yuvilgan suvga o`xshash, hidsiz suvsimon kelishi;
- Ovqatlanish bilan bog`liq bo`lmagan holda, ko`p marta suvsimon qayd qilish;
- Suvsizlanishning og`ir belgilari (arterial bosimning tushishi, havo etishmaslik, taxikardiya, oliguriya, tirishish), ichki organlar va markaziy asab tizimining zararlanishi;
- Qorin sohasida og`riq bo`lmasligi va tana haroratining me'yorida yoki me'yoridan past bo`lishi;
Kasallikning oldini olish bo`yicha qanday profilaktik tadbirlar ko`rish kerak?
- Meva-sabzavotlarni tozalab yuvib, iste'mol qilish;
- Faqat qaynatilgan va sifati kafolatlangan suv ichish;
- Shaxsiy gigiyena va sog`lom turmush tarziga rioya qilish;
- Ovqatdan oldin va hojatdan keyin qo`llarni sovunlab yuvish;
- Pashshalar bilan kurashish;
- Ruxsat etilgan suv havzalarida cho`milish.
Vabodan o`lim darajasi 0,5 foizni (2349 ta holat) tashkil qiladi. JSST ekspertlarining ta'kidlashicha, infektsiya haqida hali etarli ma'lumotlar yo`q. Har yili 1,3-4 million kasallikka chalinishi va 143 minggacha o`lim kuzatilishi prognoz qilinadi.
Jahon Sog`liqni saqlash tashkilotining ekspertlari dunyodagi barcha kasalliklarning 80 foizi ifloslangan suv orqali yuqishini aniqlagan.
Suvning kasallik tarqatuvchi mikroorganizmlar bilan zararlanishi qorin tifi, dizenteriya, vabo, virusli gepatitning A turi kabi bir qator yuqumli kasalliklarning tarqalishiga sabab bo`lishi mumkin.
Shu bois, iste'mol qilayotgan ichimlik suvining qaynatilgani, filtrlanganiga e'tibor qarating, yuqoridagi ko`rsatmalar kasallikdan himoyalanishga yordam beradi.