Namanganda jurnalist va blogerlar Sog`liqni saqlash vazirligi va viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi vakillari bilan «Antistrumin» №100 dorisini qabul qilgan yuzlab bolalarning kasalxonaga yotqizilishi bilan bog`liq vaziyatni yoritish yuzasidan tortishdi. 25 sentyabr' kuni bo`lib o`tgan uchrashuv videosi Ulug’bek Ashur YouTube kanalida e'lon qilindi.
Jurnalistlar hozirgi og`ir vaziyatda Sog`liqni saqlash vazirligi va boshqa mutasaddilarning jimligidan noroziligini bildirib, vazirdan interv'yu berishni talab qilishdi. O`zini sog`liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovning yordamchisiman, deb tanishtirgan shaxs «Hozirgina Prezident administratsiyasidan qo`ng`iroq bo`ldi: interv'yu bo`lmasin. Nima qilmoqchisiz? Savollaringiz shu mavzuga qo`shilib ketadida», — dedi.
Jurnalistlar «Biz nima qilishimiz kerak? Sukunat saqlashimiz kerakmi? Matbuot kotibingiz kecha guruhda „Faqat sukut“ deb yozdi. Bolalar kasallanayotgan paytda, sukut saqlab bo`lmaydi!» — dedi «Sevimli» telekanalining «Zamon» ko`rsatuvi jurnalisti.
O`zini yordamchiman deb tanishtirgan shaxs «Sog`liqni saqlash vaziri shuncha ish qilyapti, nima kerak hozir uni kovlab?», — dedi.
Jurnalistlardan biri vazir va boshqarma boshlig`i yashirinishni bas qilishlari, savollarga javob berishlari kerakligini aytdi. Uning so`zlariga ko`ra, bolalar O`RVI bilan kasallangan bo`lishi mumkinligini aytgan sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari Elmira Bositxonova «yolg`on ma'lumot bergan».
«Men sizga odamga o`xshab tushuntiryapman, hozir Prezident administratsiyadan qo`ng`iroq bo`ldi: hech qanday [interv'yu bo`lmaydi]… Shunchaki vazirni „pod udar“ qo`yamiz», — dedi «yordamchi».
«Ma'lumot o`zingiz uchun kerakmi? Bo`ldi, kamera bo`lmaydi, jiddiyroq kelishib olamiz, har qanday savolingizga javob beradilar», — dedi u.
Jurnalistlarning «Administratsiya topshirig`iga asosan [vazir] interv'yu berishdan bosh tortdi, deb bersak bo`laveradimi?», degan savoliga vazir «yordamchisi» Inoyatov N'yu-Yorkdan 13 soat davomida uchib kelgani, kelgandan keyin dam olmay Toshkent shahar 16-shifoxonaga (RShTYoIM) borganini aytdi.
Videodan kadr
Namangan viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasi matbuot kotibi Feruza Ataxonova suhbatga qo`shilib, Rayhona ismli jurnalistga murojaat qilib, unga bunday muomala qilishga haqqi yo`qligini aytdi.
«Agar sen haqiqatdan ham oydinlik kiritish maqsadida kelgan bo`lsang, baqir-chaqir qilmasdan, ochiqchasiga gaplashamiz. Bunga vaqt talab qiladi. Sen kecha Elmira Erkinovnaga [Bositxonova] ham ortiqcha gapirding. Senda subordinatsiya bo`lishi kerak. Jurnalistikada muomala madaniyati degan fan bo`lgan… Men matbuot kotibiman, ma'lumotni men beraman», — dedi u.
Jurnalistlar yana vazirdan ma'lumot olishni istashlarini aytishdi. Matbuot kotibining ta'kidlashicha, bu uchun bir-ikki talab qilinadi. OAV vakillari bu haqda vazirning o`zidan eshitishni so`radi. Feruza Ataxonovaning aytishicha, jurnalistlar bunday shartlarni qo`ya olmaydi. U jurnalistlar savoliga jurnalist sifatida o`zi javob berishini ma'lum qildi. Bunga javoban jurnalistlar u viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi boshlig`ining matbuot kotibi ekani, sog`liqni saqlash vazirining matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev ekani eslatishdi.
Jurnalistlar va blogerlar sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari Elmira Bositxonova ishtirokida bo`lib o`tgan matbuot anjumanidan norozi ekanliklarini ham ta'kidlab, «mavzudan chetga chiqqan»ini aytishdi.
Namangan viloyatida kamida 71 nafar bola kasalxonaga yotqizilgani (jami 450 nafar bola haqida xabar berilgan) ma'lum bo`lgach, O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi 22 sentyabrdan «Antistrumin» №100 tabletkalaridan foydalanishga cheklov joriy qilgan edi. Andijon viloyati hokimligi «Antistrumin» preparatini qabul qilgan 12 nafar bola kasalxonaga yotqizilgani haqida xabar berdi.
Biroq ko`p o`tmay Sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari Elmira Bositxonova «oziq-ovqat yoki dori-darmondan zaharlanish gumonlari hali tasdiqlanmaganini» aytdi. U bolalarda O`RVI bo`lishi mumkinligini ta'kidladi.
Toshkent shahridagi tez tibbiy yordam markazining toksikologiya bo`limlariga ham o`nlab bolalar zaharlanish belgilari, isitma, oshqozon buzilishi bilan yotqizilgan. Ota-onalar farzandlari yod iste'mol qilganidan keyin kasal bo`lib qolishganini aytishdi. Shifokorlar esa preparat bilan hech qanday aloqasi yo`qligini ta'kidlamoqda.
Holat bo`yicha jinoiy ish ochildi. «Antistrumin» ishlab chiqaruvchi Samo zavodida tekshirish boshlandi.
O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Chust tumanida bolalarning zaharlanishi bilan bog`liq vaziyatdan «qattiq tashvishda», deya ma'lum qildi uning matbuot kotibi.