x

Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo`mitasi majlisida “Voyaga etmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik yanada liberallashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo`shimcha va o`zgartirishlar kiritish to`g`risida”gi qonun muhokama qilindi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur qonun bilan 18 yoshga to`lguniga qadar sodir etgan o`ta og`ir bo`lmagan jinoyati uchun jazoni o`tab bo`lgan shaxs sudlanmagan deb hisoblanishi belgilanmoqda. Shuningdek, qonunda voyaga etmaganlarga nisbatan ozodlikni cheklashning hamda ozodlikdan mahrum qilishning eng kam muddati olti oydan bir oygacha qisqartirilishi nazarda tutilmoqda.
“Ushbu qonun voyaga etmaganlarning jinoiy javobgarligini yanada liberallashtirishga xizmat qiladi va o`n sakkiz yoshga to`lguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun jazoni o`tab bo`lgan shaxsga hayotini sudlanganlik tamg`asidan xoli tarzda davom ettirishi uchun sharoit yaratadi”, — deyiladi xabarda.
Statistik ma'lumotlarga ko`ra, 2021 yilda 1472 nafar voyaga etmagan shaxs sudlangan bo`lsa, 2022 yilda bu ko`rsatkich 2116 nafarga etgan. O`tgan 2022 yilda ijtimoiy xavfi katta bo`lmagan jinoyatlar 389 ta, uncha og`ir bo`lmagan jinoyatlar soni esa 510 tani tashkil qilgan.
Majlis kun tartibidagi masalalar yuzasidan qo`mitaning tegishli qarori qabul qilingan.

To Top ↑
To Top ↑