Farg`ona viloyati Qo`shtepa tumanida maktab o`quvchisi 5 yoshli qo`shnisini otib qo`ydi. Bu haqda “Bu kun” dasturida ma'lum qilindi.
Qayd etilishicha, mazkur holat Qo`shtepa tumanidagi “Karnaychi” mahalla fuqarolar yig`inida sodir bo`lgan. O`sha kuni Abdulloh ismli 5 yoshli bola uyi yaqinidagi chorvachilik xo`jaligida ishlaydigan otasini ovqatlanishga chaqirish uchun borgan. Shu atrofda pnevmatik qurolni o`ynab yurgan gumonlanuvchi (7 yoki 8-sinf o`quvchisi) to`pponchani o`qlanmagan deb o`ylab qo`shni bolani otib qo`ygan.
“Pnevmatik qurolning o`qi chap o`pkadan o`tib, yurakning chap qorinchasiga kirib qolgan. Yurakni to`liq to`xtatgan holda, o`qni olib tashladik. Hozirda bolaning ahvoli yaxshi”, deydi Abdullohni operatsiya qilgan shifokor.
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasining ma'lum qilishicha, ushbu holat Qo`shtepa tumani IIB tomonidan tegishli tartibda ro`yxatga olinib, hozirda tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.