x

Rossiyaning Rostov viloyati Novocherkassk shahrida yashovchi 13 yoshli o`smir hammomda telefon orqali gaplashayotgan vaqtida vafot etdi. Bu haqda “Rostov” nashri xabar berdi. 

Viloyat huquq-tartibot idoralarining bildirishicha, holat 21 sentyabrga o`tar kechasi sodir bo`lgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko`ra, ettinchi sinf o`quvchisi cho`milishga o`zi bilan smartfonini olib kirgan. U gadjetni quvvatga ulagan va bir vaqtning o`zida qo`l telefoni orqali suhbatlashgan.

Aniqlanishicha, qurilma vannaga tushib ketgan, suvning ichida bo`lgan qiz esa tok urishidan vafot etgan. 

“Suv yaxshi elektr o`tkazuvchi hisoblanadi. 220 vol't esa juda katta kuchlanish: tok urishi oqibatida yurak to`xtab qolishi mumkin. Shuning uchun yuvinish xonasiga elektr jihozlarini olib kirmaslikni tavsiya etamiz”, deydi 15 yillik tajribaga ega rostovlik elektrik.

Tergov qo`mitasi viloyat boshqarmasining izoh berishicha, qiz o`sha vaqtda quvvatlanayotgan telefonini suvga tushirib yuborgan.

“Ushbu fakt yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Hozirda ushbu holatga nisbatan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlagan. Voqea sodir bo`lgan barcha jarayonlarni aniqlashga qaratilgan tekshiruvlar o`tkazilyapti”, deyiladi departament xabarida.

Eslatib o`tamiz, 2019 yilda ham Yoqutistonning Lensk shahridagi 14 yoshli maktab o`quvchisi hammomda qo`l telefonini quvvatlash vaqtida vafot etgandi. 

To Top ↑
To Top ↑