Kuril orollarida to`rt nafar O`zbekiston fuqarosi shifokor va bir bolani qutqarib qoldi.
Hodisa Reydovo qishlog`i yaqinida sodir bo`lgan. Bola qirg`oqqa yaqin daryo bo`ylab kezib yurgan va birdan suvga tushib ketgan. Unga katta yoshli odam yordamga shoshilgan, ammo suzishni bilmagani bois suvga g`arq bo`la boshlagan.
Shu atrofdagi erkaklar bolakay va katta odamning hatti-harakatidan shubhalanishadi hamda yordamga shoshilishadi. Ular tezda shifokor va bolani suvdan olib chiqishdi.
Keyinroq Kuril markaziy tuman kasalxonasi rahbariyati O`zbekiston fuqarolari U. Mirsaliyev, U. Usvaliyev, A. Shakirov va I. Qo`chqorovga shifoxona xodimi va bolani qutqarib qolgani uchun minnatdorchilik bildirdi.
«Agar bu fuqarolarning yordami bo`lmaganida, fojia muqarrar edi», deb ta'kidladi tuman markaziy shifoxonasi xodimlari.
Yaqinda Koreyaning Yansan shahridagi restoranlardan birida sodir bo`lgan yong`inda 40 yoshli o`zbekistonlik o`z hayotini xavf ostiga qo`yib, 69 yoshli koreyalik ayolni qutqargandi.