2022 yilgi statistikaga ko`ra, Qoraqalpog`istonda va bir qancha viloyatlarda 2 mingdan ortiq yo`l kesishmalarida svetofor va yo`l belgilari o`rnatilmagani aniqlangan.
Shu yilning 15 sentyabr kuni Bo`zatov tumaniga qarashli ixtisoslashtirilgan maktab o`quvchilari o`tishi kerak bo`lgan yo`l qismiga svetofor yoki tezlikni pasaytiruvchi to`siqlar va belgilar o`rnatilmagani aniqlandi.
«Maktab katta yo`lga yaqin joylashgan, shuningdek markaziy bozorga ham yaqin. Ayniqsa, haftaning juma kuni tumanda «bozor kuni» bo`lgani uchun yo`llarda transport vositalari keskin ko`payadi», — deydi maktab o`quvchilaridan biri.
Maktabda 5–11-sinfgacha bo`lgan o`quvchilar ikki smenada o`qiydi. Ertalabki va tushdagi vaqtda navbatchi muallimlar qo`llariga qizil bayroq ko`tarib o`quvchilarni yo`ldan o`tkazib qo`yadi.
Bo`zatov tumani hokimligi matbuot xizmati boshlig`i Rustam Jangabergenov bergan ma'lumotga ko`ra, haqiqatan ham maktab yo`lida tezlikni pasaytiruvchi belgilar yoki to`siqlar o`rnatilmagan. «Tuman bo`yicha haligacha svetofor yo`q», — deydi Jangabergenov.
Tuman hokimligi ikki yildan beri ushbu masala bo`yicha «Open byudjet»ga tashabbus kiritib kelayotganini ma'lum qildi.
Hozir tuman bo`yicha 4 ta joyga: Berdaq guzari – Qoraqalpog`istonning 60 yilligi ko`chalari kesishmasi, Amir Temur – Qoraqalpog`istonning 60 yilligi, Berdaq guzari – A.Dosnazarov ko`chalari kesishmalariga 3 komplekt va ixtisoslashtirilgan maktab oldidagi yo`lga svetofor o`rnatilishi uchun jami 600 mln so`m ajratilishi taklif qilingan.
Tashabbusli byudjetga qo`yilgan loyihalar.
«Svetofor masalasi bo`yicha tuman aholisidan ko`plab murojaatlar kelib tushmoqda. Hozirgi kunda tumanda ichki yo`llarda o`nlab ishlar amalga oshirilmoqda, lekin, svetofor o`rnatish uchun mablag` ajratilmagan», — deydi Bo`zatov tumani hokimining yoshlar siyosatini ijtimoiy rivojlantirish va madaniy-ma'rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari Nizamatdin To`remuratov.
Qayd etib o`tish joiz, yil boshidan beri tumanda bolalar ishtirokida birorta ham YTH sodir etilmagan.