x

Birlashgan Millatlar Tashkilotining xabar berishicha , «Ishonch» jamg`armasi tashkilotning O`zbekistonda onalar va yangi tug`ilgan chaqaloqlarni o`limini kamaytirishga qaratilgan loyihasini qo`llab-quvvatlash uchun 43.5 mln. dollar ajratmoqchi. Loyihaning asosiy maqsadlaridan biri esa kam vaznli chaqaloqlarning omon qolish ko`rsatkichini 75 foizdan 90 foizga oshirishdir.

Habarda aytilishicha, mazkur loyiha birinchi prezident Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaning noqonuniy yo`llar bilan orttirilgan deb topilib musodara qilingan va Shveytsariyadan O`zbekiston aholisiga qaytarilayotgan aktivlar hisobidan moliyalashtiriladi. BMTning ushbu loyihasida unga 30 oy ichida O`zbekistondagi 600 ming nafar ayol va yangi tug`ilgan chaqaloqlarni qamrab olish ko`zda tutilgan.

BMTning yangi loyihasi BMTning bolalar jamg`armasi (UNICEF), Aholishunoslik bo`yicha jamg`armasi (UNFPA) va Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti (WHO) tomonidan birgalikda amalga oshiriladi va natijalarga uchta asosiy yo`nalishlar orqali erishiladi:

— 227 ta perinatal markazlarni boshqarish mexanizmlari, yondashuvlari, yo`riqnomalari va klinik protokollarini mustahkamlash;

— perinatal markazlarning sifatli inklyuziv sog`liqni saqlash xizmatlarini ko`rsatish imkoniyatlarini zarur jihozlarni xarid qilish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish orqali takomillashtirish, hamda

— 10 millionga yaqin O`zbekiston xalqiga, onalar, yangi tug`ilgan chaqaloqlar, bolalar va o`smirlarga salomatligini muhofaza qilish uchun sifatli va inklyuziv, reproduktiv xizmatlarini talab qilish uchun bilimlar berish.

Qo`shimcha qilinishicha, loyiha O`zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlari va 2022-2026 yillarga mo`ljallangan Taraqqiyot strategiyasiga erishish bo`yicha majburiyatlari bilan hamohang va sog`liqni saqlash sifatini va foydalanish imkoniyatlarini oshirishga urg`u beradi. Ushbu majburiyat birlamchi tibbiy yordam, shoshilinch tibbiy yordam va aholining zaif qatlamlarini qo`llab-quvvatlash kabi qator islohotlarni o`z ichiga oladi.

To Top ↑
To Top ↑