x

Mahalliy yangiliklar

Maktabga kirishda o`quvchi va boshqa fuqarolar mobil telefonlarni maktab ma'muriyatiga topshirish tartibini yo`lga qo`yish tavsiya etildi

Maktabgacha va maktab ta'limi vazirining 2023 yil 31 avgust kungi 282-sonli buyrug`i bilan tasdiqlangan "Umumiy o`rta ta'lim muassasasining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalari"da maktab hududida mobil telefonlardan foydalanish bo`yicha bir qancha tavsiyalar berildi. (https://t.me/xalqtaliminfo/4339)

Unga ko`ra, ta'lim muassasasi hududida har bir ta'lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari hamda tashrif buyuruvchi boshqa fuqarolar shaxsiy mobil aloqa vositalarini ovozsiz holatga keltirishlari, maktab ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda (maktab foyesi, ma'naviyat xonasi, sinf xonalari va boshqa qulflanadigan joylarda) qulfli qutilar tashkil etilishi lozim bo`ladi.

Bunda ta'lim muassasasining binosiga kirilganda mobil aloqa vositalarini topshirish va dars jarayonlari tugagandan so`ng qabul qilib olish tartibini yo`lga qo`yish tavsiya etiladi.

Ta'lim muassasasida pedagog va texnik xodimlar hamda tashrif buyuruvchi boshqa shaxslar tomonidan mobil telefondan foydalanish qoidalariga rioya etilishini maktab rahbariyati nazorat qiladi.

O`quvchilar tomonidan mobil telefondan foydalanish qoidalariga rioya etilishini esa barcha pedagoglar, jumladan sinf rahbarlari shaxsan nazorat qiladi.

O`qituvchi tomonidan ogohlantirilishiga qaramay dars jarayonida telefondan foydalanish holatlari davom etganda fan o`qituvchisi, sinf rahbari, direktor o`rinbosari, psixolog (inspektor-psixolog) ishtirokida o`quvchining telefoni (smartfon, planshet va boshqa qurilmalar) olib qo`yiladi va holat yuzasidan maktab direktori hamda o`quvchining ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari ogohlantiriladi.

Shunday holat o`quv yili davomida bir o`quvchi tomonidan ikki va undan ortiq marotaba takrorlanganda o`quvchining ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari Ma'muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining tegishli moddasi asosida ma'muriy javobgarlikka tortiladi, o`quvchi ichki ishlar organlarining profilaktik ro`yxatiga olinadi.

To Top ↑
To Top ↑