Toshkent shahridagi Mirzo Ulug`bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda 2022-2023 o`quv yilida xalqaro va mintaqaviy fan olimpiadalarida g`olib bo`lgan o`quvchilar, ularning ustozlarini taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi.
2022-2023 o`quv yilida yurtimiz bilimdon yoshlari Yaponiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Vengriya va Shveytsariyada o`tkazilgan nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida 2 ta oltin, 1 ta kumush va 10 ta bronza medalni qo`lga kiritishgan.
Marosimda mukofotlarning ramziy sertifikatlari va tashakkurnomalarni Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri Hilola Umarova egalariga topshirdi.
- Oltin medal sohiblarining ustozlariga BHMning 450 barobari - 148,5 mln. so`m;
- kumush medalchilarning ustozlariga BHMning 250 barobari – 82,5 mln. so`m;
- bronza medal olgan o`quvchilarning ustozlariga esa BHMning 150 barobari – 49,5 mln. so`m mukofot berildi.
— Ikki yildan beri kimyo fanidan to`xtovsiz tayyorgarlik ko`rib kelayotgan edik, – deydi Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internatining kimyo fani o`qituvchisi Mohira Boltayeva. — Olimpiada 10 kunda o`tib ketadi, lekin biz bu olimpiadaga judayam tig`iz jadval asosida har kuni, hatto bayram va dam olish kunlarida ham tayyorlandik. Har yakshanba kuni laboratoriya mashg`ulotlarini o`tkazar edik. Shu mehnatimiz va o`quvchilarimizning shijoat, tirishqoqliklari o`z samarasini berganiga, bu natijalar e'tiborsiz qolmaganiga, shunday mukofotlar bilan taqdirlanganidan, albatta, judayam xursandman. Bu yangi kuch va g`ayrat, yangi g`oyalarga sabab bo`ladi.
Mohira Boltayevaning shogirdi Azizbek Nazarov ham erishgan g`alabasi uchun eng avvalo ustozidan minnatdorligini yashirmadi.
— Olimpiadada men uchun qiyin bo`lgan jihati — laboratoriya bosqichi bo`ladi, deb o`ylagan edim, — deydi Azizbek. — Lekin aynan laboratoriya bosqichidan yuqori ball oldim. Nazariy bosqichdan ham natijam yaxshi bo`ldi, lekin o`zim kutganimdek bo`lmadi. Umumiy hisobdagi natija esa kutganimdan ham yaxshiroq bo`ldi. Menimcha maktab laboratoriyada ko`p tayyorlanganimiz foyda bergan. Chunki maktabimizda bu borada juda yaxshi sharoitlar yaratilgan. Halqaro standartlarga mos keladi. O`tgan yili aynan bizning maktabimiz laboratoriya binosida 56-Halqaro Mendeleev kimyo olimpiadasi o`tkazilgani ham gapimning isboti bo`lishi mumkin.
Azizbekdan olimpiada oltin medali qanday imtiyoz yoki imkoniyat berishini va ulardan qanday foydalanmoqchi bo`layotgani bilan qiziqdik.
— Halqaro kimyo olimpiadasida g`olib bo`lganim, kimyo yo`nalishi mavjud istalgan oliy ta'lim muassasasiga davlat granti asosida o`qishga kirish imkoniyatini beradi, — deydi Azibek Nazarov. — Bundan tashqari, agar pedagogik faoliyat bilan shug`ullansam, maoshimga 150 foiz ustama qo`shib berilishini aytishdi. Shuningdek, turli xorijiy oliy o`quv yurtlaridan o`qishga kirishga takliflar ko`p bo`ldi. Masalan, Rossiyaning ko`plab universitetlari meni talabalikka taklif etishdi. Lekin o`zimning istagim – tibbiyot sohasida O`zbekistonda faoliyat yuritishdir. Shifokor bo`lish orzuimni O`zbekistonda amalga oshirmoqchiman. Mamlakatimiz tibbiyot sohasini rivojlantirishga o`z ulushimni qo`shmoqchiman.
Medalchi o`quvchilarga ham pul mukofotlari berildi:
- oltin medal olgan o`quvchilarga BHMning 500 barobari - 165 mln. so`m;
- kumush medal sohiblariga BHMning 300 barobari– 99 mln. so`m;
- bronza medalga sazovor bo`lgan olimpiadachilarga esa BHMning 200 barobari – 66 mln. so`m.
Joriy o`quv yilida o`tkazilgan xalqaro va mintaqaviy olimpiadalarda o`quvchilarimiz o`tgan yilgilardan ko`ra yuqoriroq natijani qayd etishdi. O`tgan o`quv yilida ular xalqaro olimpiadalarda jami 6 ta, mintaqaviy olimpiadalarda esa jami 39 ta medalga sazovor bo`lishgan edi. Joriy yilda esa yosh iqtidor sohiblari xalqaro olimpiadalardan 13 ta, mintaqaviy olimpiadalardan esa 39 ta medal bilan vatanga qaytishdi.