x

Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahri Uchtepa tumani sudida may oyida 12 yoshli maktab o`quvchisini Matiz mashinasida urib o`ldirgan haydovchiga hukm o`qildi.

Haydovchi tezlikni oshirib, 30 km/soat tezlik belgilangan hududda 70 km/soat tezlikda harakatlanib, qizni urib yuborgan. Sudlanuvchining aytishicha, uning o`g`li o`zini yomon his qilgan, u esa «Vatan» chorrahasidan o`tib ketayotib, tezlikni oshirgan.

«Hayolim ko`tarilib, yo`ldan o`tgan odamni ko`rmay qoldim. Qizni urib yuborganimdan keyin shifoxonaga olib bordim. Unga birinchi tibbiy yordam ko`rsatildi, oradan bir soat o`tib, qiz vafot etgani haqida xabar berishdi», — dedi haydovchi.

Ma'lum bo`lishicha, mashina haydovchiga tegishli emas, u do`stining mashinasini kerakli hujjatlarsiz boshqargan.

Sud haydovchini O`zbekiston Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topgan. Unga nisbatan 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Avvalroq O`zbekiston hududida 2023 yilning 7 oyida 4772 ta YTH qayd etilgani, ularda 1115 kishi vafot etgani, 4564 nafari tan jarohatlari olgani haqida yozgandik. Joriy yilning birinchi yarmi va o`tgan yilning birinchi yarmidagi yo`l-transport hodisalari va ulardan jabrlanganlar soni solishtirilsa, raqamlar mos ravishda 12 va 11,3 foizga o`sgan.

O`zbekistondagi YTHlarning qariyb yarmi piyodalarni urib yuborish bilan bog`liq. Shunday qoidabuzarlikka yo`l qo`ygan haydovchilar qanday jazolanayotganiga haqidagi savolga javob topish maqsadida «Gazeta.uz» avgust oyida udlarning tasodifiy 50 ta qarorini o`rgangan. Bunda piyoda o`limi uchun biror-bir haydovchi qamalmagani oydinlashgan.

To Top ↑
To Top ↑