x

Mahalliy yangiliklar

Samarqand shahridagi 43-ixtisoslashgan davlat umumta'lim maktabiga Frantsiyadan uch nafar o`qituvchi keldi. Ular endi o`quvchilarga frantsuz tilini mukammal o`rgatishga harakat qiladi. Ular mahalliy o`qituvchilar bilan tajriba almashib, faoliyat olib borishadi.  

Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 30 maydagi farmoyishi asosida umumta'lim tizimiga “Finlandiya tajribasi”ni joriy etish va xorijiy tillarni o`qitish uchun chet ellik o`qituvchilar shartnoma asosida taklif qilinmoqda. Samarqand shahridagi 43-ixtisoslashgan davlat umumta'lim maktabi ushbu tajribani amalga oshirishga kirishdi.

 

Maktab direktori Gulnoza Cho`tboyevaning aytishicha, xorijlik o`qituvchilar 2023 yilning birinchi sentyabridan 2024 yilning 31 mayiga qadar shartnoma asosida faoliyat olib boradi. Bu vaqt davomida ular nafaqat o`quvchilarga frantsuz tilini o`rgatadi, balki mahalliy o`qituvchilar bilan ham yaqin hamkorlik qiladi. To`garaklar faoliyatini yo`lga qo`yishadi.

Frantsiyalik o`qituvchilar shartnomalari, rejalari va ilk taassurotlari haqida Kun.uz muxbiriga gapirib berdi.

O`qituvchilardan biri Anne Suzuki O`zbekiston tarixi, madaniyati haqida anchagina tasavvuri, bilimi borligini aytadi.

“O`zbekiston hukumati bizga so`rov jo`natdi. Ko`ngilli tarzda shu mamlakatda o`qituvchilik qilishni tanladik. Qolaversa, O`zbekiston ta'lim tizimi biz uchun ham qiziq. Kelgusida metodik yordam ko`rsatishdan tashqari, mahalliy o`qituvchilar bilan ham tajriba almashmoqchimiz”, – dedi Suzuki xonim.

Yana bir o`qituvchi Lila Tam O`zbekistonga kelganiga besh kun bo`lsa-da, iliq taassurot olganini aytdi. Agar imkoniyat bo`lsa, kelgusida ham shartnomani uzaytirib O`zbekistonda o`qituvchilik qilmoqchi.

“Dunyoning ko`plab davlatlarida o`qituvchilik qilganman. O`zbekistonga kelishimdan asosiy maqsad, men O`rta Osiyoga juda qiziqaman. Bolalar bilan ishlashni yoqtiraman, sizlar haqingizda ham ko`proq bilishni istayman.

Hozircha men turgan uyning oshxonalari kichik ekan. Katta oshxonam bo`lib, o`zbek milliy taomlarini ham o`zim tayyorlashni xohlayapman”, – deydi Antonin Gagnant.

Ikki tomonlama manfaatli kelishuvga ko`ra kelgusida bu shartnoma uzaytirilishi yoki to`xtatilishi mumkin.

To Top ↑
To Top ↑