Mahalliy yangiliklar
Turin politexnika universitetidagi janjal oqibatida 18 yoshli talaba vafot etgani, gumonlanuvchi esa qo`lga olingani haqida xabar berilgandi. Oliy sud axborot xizmatiga ko`ra, qotillik sodir etgan yigit 8 yilga qamaldi.
Bugun.uz'ing ma'lum qilishicha, Jinoyat ishlari bo`yicha Olmazor tumani sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi (Qasddan badanga og`ir shikast etkazish) «d» bandi (Jabrlanuvchining o`lishiga sabab bo`lsa)da nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan yigit 8 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
Sudda u aybiga to`liq iqror bo`lib, yoshlik qilib bu ishni sodir etgani, hozirda afsusda ekanini bildirgan.
«Mashinani qo`yib, tanishim bilan urishayotgan bolaning oldiga bordim. Unga ‘Nima bo`lyapti, aka?’ deganimda ‘Siz aralashmang’ dedi. ‘Siz bilan urishayotgan bola mening o`rtog`im, bekordan bekorga o`qishdan haydalib ketmanglar’ dedim. U gaplarimni eshitmadi.
So`kkani uchun bir marotaba yuziga urdim. U yonboshiga — asfal'tga yiqildi. Mashinaga o`tirib, uni boshqarib, yo`lning narigi betiga o`tib, mashinani to`xtatganimda hali ham erda yotganini, atrofida odam ko`payib ketganini ko`rdim. Shu sababli qo`rqqanimdan u erdan ketib qoldim.
IIB xodimi tanishimga telefon qilib, Olmazor tumani IIO FMB 4-sonli IIBga chaqirishdi. Yana biroz vaqt o`tib, boshqa odam telefon qilib, uyim oldiga kelishimni aytdi. Olmazor tumani Niyazova ko`chasidagi uy oldiga bordim. U erda IIB xodimlari 4-sonli IIBga olib borishdi», — degan sudlanuvchi.