x

Mahalliy yangiliklar

Prezident Shavkat Mirziyoev O`zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o`ttiz ikki yilligiga bag`ishlangan tantanali marosimda ta'limni ertangi kunimizni hal qiluvchi muhim omil deb atadi.

“Men doimo ta'lim, ta'lim, muallim, muallim, deb ta'kidlashim bejiz emas. Chunki ta'limni rivojlantirmasdan turib yuksak taraqqiyotga erisha olmaymiz. Har qanday muammoning echimi ham, ertangi kunimizni hal qiluvchi omil ham, shubhasiz, ta'limdir”, deydi Shavkat Mirziyoev.

Davlat rahbari Yangi o`quv yilidan maktablarda xorijdan maxsus taklif etilgan 500 nafar ingliz tili mutaxassisi dars berishi, boshlang`ich sinf o`quvchilari ilg`or xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan yangi dastur va darsliklar bo`yicha o`qiy boshlashini ma'lum qildi.

“Agar 3 ming yillik tariximizga nazar tashlaydigan bo`lsak, ota-bobolarimiz asrlar mobaynida dunyo tamadduniga nafaqat jismoniy, balki intellektual mehnati bilan ulkan hissa qo`shganiga guvoh bo`lamiz. Biz jahonga faqat xomashyo emas, avvalo ilm-ma'rifat, ma'naviy boylik etkazib bergan ne-ne ulug` zotlarning avlodimiz. Hech shubhasiz, ularga xos bo`lgan buyuk fazilatlar, ular yaratgan shonli an'analar bugun ham bizning qalbimizda, ongimizda, hayotimizda yashamoqda. Men ishonaman, biz bu tarixiy yo`lni munosib davom ettirishga har tomonlama qodirmiz. Bugungi kunda dunyo xaritasida tutgan o`rnimiz, o`z oldimizga qo`yayotgan juda ulkan maqsad va marralarimiz ham aynan shuni taqozo etmoqda”, deydi O`zbekiston rahbari.

Shundan kelib chiqqan holda, transport-logistika tizimi bilan birga, ilm-fan, innovatsiya, IT va aqliy mehnatga asoslangan boshqa sohalar O`zbekiston iqtisodiyotining yaqin kelajakdagi asosiy lokomotivlariga aylanishi aytilgan.

To Top ↑
To Top ↑