x

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Ozarbayjonga tashrifining ikkinchi kunida ikki davlat rahbarlari rafiqalari bilan birga Fuzuliy va Shusha shaharlariga tashrif buyurdilar.

O`tgan qariyb 30 yilda Fuzuliy butkul vayron bo`lib, “arvoh shahar”ga aylangan edi. Harbiy harakatlarga qadar bu erda 18 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qilgan.

2020 yilda qayta tiklash ishlari boshlangach, shaharga asta-sekin hayot qaytmoqda. Uy-joylar qurilib, ijtimoiy va transport infratuzilmasi bunyod etilmoqda.

Ushbu muhim va og`ir pallada O`zbekiston Ozarbayjon bilan birga. Zero, xalqlarimiz o`rtasidagi munosabatlarning ildizlari uzoq o`tmishga ega. Bizlarni bir din, til va an'analar, ma'naviy qadriyatlar va madaniyat mushtarakligi birlashtirib turadi.

Mustahkam do`stlik va birodarlik ifodasi sifatida mamlakatimiz etakchisi 2021 yil 31 mart kuni o`tgan Turkiy kengashning norasmiy sammitida O`zbekiston Qorabog` zaminidagi yodgorliklar, madaniyat va ma'rifat maskanlarini qayta tiklashga o`z hissasini qo`shishga tayyor ekanini ta'kidlagan edi.

Fuzuliy shahrida 960 nafar o`quvchiga mo`ljallangan zamonaviy maktab qurilishi Prezidentimiz tashabbusining amaliy ifodasi bo`ldi.

Mirzo Ulug`bek nomidagi 1-sonli maktabda 40 ta sinfxona, 6 ta laboratoriya, 2 ta informatika xonasi, 5 ta funktsional o`quv xonasi, majlislar va sport zallari, oshxona, kutubxona mavjud. Futbol maydoni, dam olish va tadbirlar o`tkazish uchun joylar, yugurish yo`laklari tashkil qilingan.

Yangi maktab xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish, o`sib kelayotgan ozarbayjonlik o`g`il-qizlarni O`zbekistonning boy tarixi va madaniyatiga, buyuk ajdodlarimizning merosiga oshno qilishga xizmat qiladi.

Ikki mamlakat etakchilari rafiqalari bilan birga bayramona tasmani kesib, maktabni tantanali ravishda ochdilar. 

Prezidentlar o`quv binolari va maktab hududi bilan tanishib, o`quvchilar bilan samimiy suhbatlashdilar, ularga o`qishda muvaffaqiyat tiladilar.

So`ng davlat rahbarlari Fuzuliy shahrida barpo etilayotgan uy-joy majmuasiga tashrif buyurdilar.

Prezidentlar majmuadagi xonadon egalari bilan uchrashdilar. Davlatimiz rahbari ularni yangi uyli bo`lgani bilan tabrikladi.

Samimiy suhbat chog`ida O`zbekiston va Ozarbayjon xalqlarining mustahkam do`stligi va qardoshlik aloqalari haqida so`z bordi.

Mamlakatimiz etakchisi Fuzuliyda hayot barqaror holatga qaytayotganidan mamnunligini bildirdi, Prezident Ilhom Aliyev rahbarligida Qorabog`ni qayta tiklash va rivojlantirish, aholining farovon turmushi uchun qulay sharoitlar yaratish bo`yicha olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarini yuksak baholadi. Ozarbayjon xalqiga tinchlik, osoyishtalik va ravnaq tilaklari bildirildi.

Davlat rahbarlari yangi xonadonlarni kirib ko`rdilar. So`ng etakchilar balandlikdan turib vayronagarchilik oqibatlarini va qurilish ishlarini borishini kuzatdilar. Prezidentimizga Fuzuliyni qayta tiklash rejalari to`g`risida so`zlab berildi.

To Top ↑
To Top ↑