Jahon yangiliklari
Ona suti — chaqaloq uchun mukammal ozuqa. Tarkibida yuzdan ziyod shifobaxsh mikroelementlar mavjud. Qolaversa, immunoglobulinga boy. Chaqaloqni turli infektsiyalardan himoyalaydi, immunitetni mustahkamlaydi. Ammo mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko`ra, keyingi yillarda go`daklarni ona suti bilan parvarishlash ko`rsatkichlari tobora pasayib bormoqda.
Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma'lumotlariga tayanilsa, hozir dunyo bo`yicha olti oygacha bo`lgan bolalarning atigi 44 foizigina ona suti bilan oziqlanmoqda. So`nggi yigirma yil ichida ko`krak suti o`rnini bosuvchi sun'iy mahsulotlarni sotish ko`lami esa taxminan ikki baravar ko`paygan.
Ho`sh, buning sababi nimada?
Asosiy muammo dunyoda chaqaloqlar uchun mo`ljallangan sun'iy sut mahsulotlari reklama va marketingiga zo`r berilayotganida, deydi ekspertlar. Masalan, “farzandingiz uchun bundan mukammalroq tarkibdagi ozuqani topa olmaysiz” mazmunidagi e'lonlar tufayli bir guruh ota-onalar bolasini ko`krak suti bilan emizishdan voz kechmoqda.
Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti va YuNICYeF hamkorligida tayyorlagan qo`shma hisobotda dunyoning sakkiz mamlakatida yashovchi 8500 nafar homilador hamda emizikli ayol va 300 nafar tibbiyot xodimi o`rtasida o`tkazilgan o`rganishlar natijalari e'lon qilindi.
Unga ko`ra, bunday sun'iy ozuqalarni ishlab chiqaruvchilar o`z tijoriy manfaatlarini ko`zlab OAV va ijtimoiy tarmoqlarga jozibador reklamalar berish bilan cheklanib qolayotgani yo`q. Balki shifokorlarni ham moddiy manfaatdorlik yo`lida manipulyatsiya qilishyapti.
Misol uchun, so`rovda qatnashganlarning uchdan bir qismi ona suti o`rnini bosuvchi mahsulotlar tibbiyot mutaxassislari tomonidan tavsiya etilganini ma'lum qilishdi.
“Chaqaloqlarni ona suti bilan parvarishlash bolaning sog`lom va durkun o`sishini ta'minlabgina qolmay, uning kelgusida turli kasalliklarga chalinish xavfini kamaytiradi”, — deyiladi qo`shma hisobotda.
Shu bois JSST bolalarni olti oylik bo`lguniga qadar faqat ona suti bilan parvarishlashni, ikki yoshga to`lgunicha esa emizishni to`xtatmagan holda qo`shimcha ovqatlar bilan oziqlantirishni tavsiya qiladi.
Eslatib o`tamiz: 2019 yil 23 oktyabrda qabul qilingan “Ona suti bilan oziqlantirishni qo`llab-quvvatlash hamda go`daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, mamlakatimizda ona suti o`rnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilish taqiqlangan.