x

Mahalliy yangiliklar

Nomukammal osteogenez xastaligiga chalingan o‘g‘il-qizlarni “billur bolalar” deb ham atashadi. Bu suyaklarning tez-tez sinishi bilan namoyon bo‘ladigan kamyob tug‘ma genetik kasallik bo‘lib, odatda farzand tug‘ilishidan yoki uning kichik yoshligidan kuzatila boshlaydi.

Respublika bolalar ortopediya markazida ushbu xastalikni jarrohlik yo‘li bilan davolash yo‘lga qo‘yilgan. 2021 yilda boshlangan xalqaro hamkorlik natijasida O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilgan bunday operasiyalarni endilikda o‘zbek shifokorlari mustaqil ravishda amalga oshirmoqda.

— Nomukammal osteogenezga chalingan bolalarga teleskopik sterjen o‘rnatish operasiyasini ilk bor 2021 yil 15 oktyabrda, Rossiyaning Bolalar salomatligi milliy tibbiy tadqiqot markazi mutaxassislari bilan birgalikda bajargan edik, — deydi Respublika bolalar ortopediya markazi direktori Akbar Tilyakov. — Keyinchalik Sankt-Peterburgda joylashgan G.I.Turner nomidagi bolalar travmatologiya va ortopediya milliy tibbiy tadqiqot markazi mutaxassislari ishtirokida ham xuddi shu amaliyotni o‘tkazdik.

Shundan so‘ng bu murakab operasiyani to‘liq o‘zlashtirib, mustaqil ravishda amalga oshirishga kirishdik. Hozirga qadar jami 5 nafar bolada bu amaliyot mavaffaqiyatli o‘tkazildi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekistonda nomukammal osteogenez tashxisi qo‘yilgan yuz nafardan ortiq bolalar ro‘yxatga olingan. Afsuski, yaqin vaqtgacha yurtimizda ularga yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish mushkul edi.

Shu bois ota-onalar bemor farzandlarini operativ davolatish uchun Rossiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Turkiya kabi davlatlarga olib borishlari zarur bo‘lgan.

Nomukammal osteogenez nuqsoni bo‘lgan o‘g‘il-qizlarga teleskopik sterjen o‘rnatish operasiyalarida butun dunyo bo‘ylab “oltin standart” hisoblangan “Fassier Duval” teleskopik tuzilmalaridan foydalanilmoqda. Bu konstruksiya keyingi suyak sinishlari xavfini kamaytirish va tez yurishni boshlash imkonini beradi.

Quvonarlisi, teleskopik sterjenlash uchun qo‘llaniladigan metall moslamalar yurtimizning o‘zida, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlanishi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Hozirda Respublika bolalar ortopediya markazida kam uchraydigan neyrofibromatoz, mukopolisakkaridoz, Goshe xastaligi bilan og‘rigan bemorlarni ham tibbiy reyestrga kiritib, ahvoli kuzatib borilyapti.

Ularni medikamentoz davolash tajribasiga ega bo‘lgan xorijiy mutaxassislar bilan konsultasiyalar o‘tkazish bo‘yicha harakatlar davom etmoqda. Kelgusida boshqa orfan kasalliklarni ham O‘zbekistonning o‘zida davolash rejalashtirilgan.

To Top ↑
To Top ↑