2023 yil dekabr' oyiga qadar tegishli vazirliklar maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish bo`yicha Prezident qarori loyihasini ishlab chiqishlari kerak.
Bu haqda «O`zbekiston – 2030» strategiyasini 2023 yilda sifatli va o`z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi Prezident qarori loyihasida gap boradi.
Qayd etilishicha, mazkur hujjat bilan kelgusida ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun bog`cha xarajatlarini davlat tomonidan to`liq qoplash tizimi joriy qilinadi.
Shuningdek, tarbiyalanuvchilarni zamonaviy texnologiyalarga o`rgatish maqsadida maktabgacha ta'lim tashkilotlarini komp'yuter sinflari bilan ta'minlanadi hamda muqobil energiya manbalari, energiya tejamkor material va texnologiyalarni joriy qilish orqali energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar olib boriladi.
Bundan tashqari, yuridik shaxslarning nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarini qurishga sarf etiladigan xarajatlarni soliqlardan to`liq ozod qilish ham rejalashtirilyapti.
Shu bilan birga maktabgacha ta'lim tashkilotlarini ichimlik suvi bilan ta'minlash va ularning sanitariya-gigiyena holatini yaxshilash bo`yicha choralar ko`rish hamda davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida oqsil, vitamin va minerallar bilan boyitilgan sut, yod bilan to`yintirilgan non mahsulotlari berishni yo`lga qo`yish ham nazarda tutilmoqda.
Dilmurod TILOVOV tayyorladi