Jizzaxda byudjet mablag`larini o`zlashtirib kelgan ona-bola maktab direktorlari aniqlandi. Bu haqda Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, fuqaro F.B. va boshqalarning Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi 14-sonli bolalar musiqa va san'at maktabi mansabdor shaxslarining xatti-harakatlaridan norozi bo`lib yo`llagan murojaati mutaxassislar ishtirokida o`rganilgan.
Ma'lum bo`lishicha, ushbu maktab direktori V.M. o`z xizmat mavqeyidan foydalangan holda aslida maktabda ishlamagan turmush o`rtog`i O.A.ga ovoz berish operatori sifatida 2019-2023 yil 1 mayga qadar 47,3 mln so`m, shuningdek, omborchi vazifasiga ishga qabul qilingan fuqaro N.E. ga 2022-2023 yil 1mayga qadar 6,9 mln so`m ish haqi va unga tenglashtirilgan to`lovlarni noqonuniy to`lagani aniqlangan. Bundan tashqari, u 2014 yilda ishdan bo`shagan D. H.ga esa 2016 yilga qadar 22,9 mln so`m ish haqi va unga tenglashtirilgan to`lovlarni noqonuniy to`lab, jami 77,1 mln so`m byudjet mablag`larini talon-toroj qilgan.
Shuningdek, V.M. Zafarobod tumanidagi 9-sonli bolalar musiqa va san'at maktabida direktor vazifasida ishlab kelayotgan o`g`li R.D. bilan jinoiy til biriktirib, o`z rahbarligidagi maktab xodimlari N.Yu. va I.T.ning xabardorligisiz, ularni bir vaqtning o`zida o`g`li rahbarligidagi maktabda ishlagani to`g`risida soxta hujjatlar rasmiylashtirgan. Ona-bola 2017-2022 yillar davomida ushbu ikki xodimga majburiy ishlanmalardan tashqari jami 69,8 mln so`m ish haqi va unga tenglashtirilgan to`lovlarni noqonuniy to`lab, umumiy hisobda 146,9 mln so`mlik byudjet mablag`larini o`zlashtirgan.
O`rganish natijasi bo`yicha to`plangan hujjatlar joriy yilning aprel' oyida Bosh prokuraturaga yuborilgan.
Joriy yilning 16 iyun' kuni Paxtakor tumanidagi 14-sonli bolalar musiqa va san'at maktabi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 2-qismi “a”, “b”, “g” bandlari va 209-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Hozirda tuman prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.