Navoiy shahridagi umumta'lim maktablaridan birining ijodiy-madaniy masalalar bo`yicha targ`ibotchisi tomonidan Kun.uz'ga murojaat kelib tushgan.Unda ta'kidlanishicha, Navoiy shahridagi "Comprehensive Media" MChJ o`zlari tomonidan viloyat IIB bilan hamkorlikda suratga olinayotgan badiiy filmda rol beraman deya maktab o`quvchilarini aldab, ularning ota-onasidan pul undirgan. Navoiy viloyati IIB esa filmni suratga olishda hamkorlik qilinmaganini, faqat ayrim sahnalarda ko`maklashilganini ta'kidlayapti.
"19 iyun kuni noma'lum raqamdan bir qiz qo`ng`iroq qildi. Raqamimni maktabimizning ma'naviyat ishlari bo`yicha direktor o`rinbosari bergan ekan. Qo`ng`iroq qilgan qiz Navoiyda kino olinayotganini, aktyorlik qobiliyati bor o`quvchilar bo`lsa kastingga qatnashishi uchun olib borishimni aytdi. O`zim mehnat ta'tilida edim. Demak, rahbariyatga aytilgan ekan, degan o`yda 3 nafar o`quvchini olib bordim.
Ular bir dunyo va'dalar berib, o`quvchilarimni qiziqtirib qo`yishdi. Ertasi kuni esa ota-onalar farzandlari kinoga tushishi uchun 2 mln so`m to`lab, shartnoma imzolashdi. Ana endi na kinodan, na puldan darak bor. Keyin bilsak ushbu firibgar tuzog`iga tushgan bir biz emas ekanmiz", deya bildirgan murojaatchi.
"Comprehensive Media" MChJ direktori Uchqunboy Ro`ziqulov ushbu mablag`larni go`yoki homiylik yordami sifatida qabul qilgan. Ammo ana shu "homiylik yordami" uchun MChJ tomonidan aniq summa belgilangan hamda buning evaziga suratga olish jarayonida fuqaroning ishtirokini ta'minlash majburiyatini olgan. Demak, "homiylik" niqobiga o`ralgan ushbu kelishuv ortida aslida ma'lum bir mablag` evaziga xizmat taklif qilinyapti.
Shartnomaning yana bir nuqtasi e'tiborni tortadi. Agar shartnoma bekor qilinsa to`langan "homiylik" mablag`lari qaytarilmasligi ko`rsatib o`tilgan. Ya'ni agar keyinchalik o`quvchi filmda suratga tushishni istamay qolsa, rejissyorga to`lagan puli unga qaytarilmaydi: ko`rsatilmagan xizmat yoki bajarilmagan majburiyat uchun pul olishning bu usulida firibgarlik holati oshkora bo`y ko`rsatib turibdi.
"Rejissyor"ning tuzog`iga faqat Navoiy viloyati emas, qo`shni Samarqand viloyatidan ham "bo`lajak aktrisalar" ilingan. Ikkita viloyatda yuzlab bu kabi shartnomalar tuzilgan bo`lishi mumkin.
Holatga oydinlik kiritish maqsadida Navoiy viloyati IIB axborot xizmati bilan bog`landi. Axborot xizmatining ma'lum qilishicha, "Comprehensive Media" MChJ tomonidan suratga olinishi rejalashtirilgan filmga viloyat IIB hamkor sifatida kirmagan hamda suratga olishning moliyaviy manbalarini shakllantirishda boshqarmaning hech qanday aloqasi yo`q. Shuningdek, hozirda holat huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan nazoratga olinib, tegishli tartibda o`rganilmoqda ekan.
Ochiq manbalarda keltirilishicha, "Comprehensive Media" MChJ 2022 yilning aprel oyida davlat ro`yxatidan o`tkazilgan. Ammo hozirda faoliyat yuritmayotgani ko`rsatilgan. Ustav fondi 300 ming so`m bo`lgan MChJning rahbari Uchqunboy Ro`ziqulov.
Dilmurod TILOVOV tayyorladi