Inson tafakkurining yuksak mahsuli – shaxmat asrlar osha bashariyatni hayrat dovonlari aro etaklab keladi. Asrlar mobaynida davr imtihonlaridan o`tib, ulug` kishilar tahsiniga sazovor bo`lgan, dunyo xalqlari hayotidan, umumjahon madaniyati tarixidan munosib o`rin egallab kelayotgan aql-idrok o`yini bugungi kunda ham barchaning sevimli mashg`ulotidir.
Binobarin, shaxmat inson qalbidan qaynab chiqqan tuyg`ular, yolqin hislar, aql-tafakkur bilan uyg`unlashadi. Shaxmat taxtasining har bir katagida sirli olam yashirin. U kishini mushohada tarozisida tortilgan fikrlar, jo`shqin hislar girdobi hamda kurash maydoniga etaklaydi.
Sport, fan, san'at... Chinakam shaxmat o`yinida bularning bari mujassam. Uning jozibali ohanrabosi, insonga ta'sir etish kuchining siri ham shunda. Shaxmat inson xarakterini tarbiyalab, “aql gimnastikasi” vazifasini o`taydi.
O`zbekiston jahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo`lib kelgan. O`zining betakror tarixi va madaniyati, aql zakovati bilan lol qoldirib kelgan xalqimizning yuksak tafakkuri, intellektual salohiyati, ayniqsa, mustaqillik yillarida yosh shaxmatchilar tomonidan qo`lga kiritilayotgan g`alabalar misolida yaqqol namoyon bo`lmoqda.
O`zbekiston shaxmatchilari 1992-yili shaxmat olamining eng nufuzli musobaqalaridan biri –Butunjahon shaxmat olimpiadasida mustaqil jamoa sifatida ilk bor ishtirok etib, kumush medalni qo`lga kiritgan.
Jumladan, birgina Rustam Qosimjonov qayd etgan natijalari O`zbekistonda shaxmat qay darajada rivojlanganini ko`rsatib turibdi.Rustam 10 yoshida O`zbekiston chempionligini qo`lga kiritdi. 1994-yilda xalqaro maydonda zafarli odim tashladi. O`smirlar o`rtasida Osiyo chempionatida g`olib chiqqanida 15 yoshda edi. 1997-yili Halqaro shaxmat federatsiyasi – FIDE o`zining 68-kongressida Rustamga xalqaro grossmeyster unvonini berdi. 1998-yili 18 yoshida Osiyo chempionatida g`olib bo`ldi. 2002-yili Hindistonda eng kuchli grossmeysterlar o`rtasida o`tkazilgan jahon kubogida vitse-chempionga aylandi. 2004-yili Liviya poytaxti Tripoli shahrida FIDYe shafeligida o`tkazilgan shaxmat bo`yicha jahon chempionatida Rustam Qosimjonov jahon chempionligini qo`lga kiritdi. Shu sababli 2004-yilning 13-iyul kuni O`zbekiston shaxmat tarixida alohida zarhal harflar bilan bitildi.
Ikki yil avval 13 yoshida xalqaro grossmeyster talablarini bajargan Nodirbek Abdusattorov dunyodagi eng yosh grossmeyster maqomiga ega bo`ldi.Oradan qariyb bir yil o`tib, Javohir Sindorov 12 yoshida ushbu yuksak unvonni qo`lga kiritdi.
O`zbekistonlik shaxmatchi qizlarning yutuqlariga ham havas qilsak arziydi.Qizlar o`rtasida birinchi grossmeyster Nafisa Mo`minovaning kichik singlisi Gulruhbegim Tohirjonovaning jahon chempionatida kuchli sakkizlikdan joy olganini ham olamshumul voqea sifatida e'tirof etish mumkin.
Turkiyada o`tkazilgan 16 yoshgacha bo`lgan o`smirlar o`rtasidagi Butunjahon shaxmat olimpiadasi ishtirokchilari o`rtasida mamlakat vakillari ro`yxatning eng yuqori pog`onasida qayd etilgan.
Bugungi kunda FIDYega 200 ga yaqin mamlakat shaxmat federatsiyasi a'zo. Dunyoda qariyb 800 mingdan ortiq kishi shaxmat bilan shug`ullanadi. Halqaro musobaqalarda esa eng sara shaxmatchilar ishtirok etadi. Bunday katta raqobat bor musobaqalarda g`olib bo`lish qiyin. Shu sababli O`zbeksportchilarining g`alabalarini ulkan muvaffaqiyat sifatida qabul qilishimiz lozim.