Samarqand shahar hokimligi bolaga itlar hujum qilgani va taksi haydovchisi uni qutqarib qolgani tasvirlangan videoga munosabat bildirdi.
Samarqand shahar hokimligi
Ijtimoiy tarmoqlarda avtomobil yo`li chetida ketayotgan bolakayga itlar hujum qilgani tasvirlangan video tarqaldi.
Hokimlikning ma'lum qilinishicha, holat 8-iyul kuni Samarqand shahridagi “Yoshlar” mahalla fuqarolar yig`ini hududida joylashgan avtoturargoh (garaj) oldida sodir bo`lib, itlar ham “avtogaraj”ga tegishli bo`lgan. Itlar hujum vaqtida bolaning oyoq qismiga tashlangan.
Ushbu itlar tezda Obodonlashtirish boshqarmasining Nazoratsiz hayvonlarni ovlash guruhi tomonidan tutilib, Samarqand shahar veterinariya va chorvachilikni qo`llab-quvvatlash bo`limiga topshirilgan.
“Bolaning salomatligi esa to`liq nazoratga olingan”, — deyiladi munosabatda.
Samarqand viloyati IIB matbuot kotibi ham holatga o`z munosabatini bildirib, holat qo`shimcha o`rganilayotgani, o`rganish davomida itlarning egasi aniqlangan taqdirda unga nisbatan qonuniy tartibda chora ko`rilishini ma'lum qildi.