Telegram'dagi 10 kishilik guruhga taqiqlangan nashid yuborgani uchun 3 yilga ozodlikdan mahrum qilingan Jahongir Ulug`murodovning sudi qoldirildi. Bu haqda advokat Abdumalik Abdullayev ma'lum qildi.
Qayd etilishicha, Jahongir Ulug`murodovga nisbatan ochilgan jinoyat ishi Toshkent viloyati sudining jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay'atida apellyatsiya tartibida ko`rib chiqilmoqda.
Kecha, 6 iyul' kuni Ulug`murodovga ochilgan jinoyat ishi bo`yicha sud bo`lishi kerak edi. Ammo sud qoldirilib, navbatdagi sud majlisi joriy yilning 14 iyul' kuni soat 15:00 ga belgilandi.
Ma'lum qilinishicha, himoya tomon kuchli asoslar bilan oqlov pozitsiyasini egallab, suddan hukmni bekor qilib, Ulug`murodovni bevosita sud majlisi zalining o`zida darhol ozod qilinishini so`ramoqda.
Eslatib o`tamiz, Jahongir Ulug`murodovga Jinoyat ishlari bo`yicha Oqqo`rg`on tuman sudining 2023 yil 8 maydagi hukmiga ko`ra, Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasi (engilroq jazo tayinlash)ni qo`llab, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.