x

Hindistonda ishlab chiqarilgan zaharli yo`tal siroplaridan vafot etgan 20 nafar gambiyalik bolaning qarindoshlari hind dori ishlab chiqaruvchisi Maiden Pharmaceuticals va G`arbiy Afrika mamlakatidagi mahalliy hokimiyatni sudga berdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi. 

“Hali ommaga e'lon qilinmagan ariza o`tgan yili Gambiyada o`tkir buyrak jarohati tufayli kamida 70 bola, asosan chaqaloqlar va bolalar vafot etganidan keyin tovon va adolat uchun kurashda yangi jabha ochadi”, deyiladi xabarda.

Ariza kecha, 30 iyun' kuni Gambiya Oliy sudiga taqdim etilgan. Unda oilalar har bir bola uchun taxminan 250 ming dollar tovon puli talab qilgan, bu esa vakili bo`lgan 20 nafar bola uchun taxminan 5 million dollarni tashkil etadi.

Shuningdek, oilalar Gambiya Sog`liqni saqlash vazirligi, Dori vositalarini nazorat qilish agentligi va ifloslangan dorilarning mahalliy distribyutori Atlantic Pharmaceuticals kompaniyasini sudga bermoqda.

Gambiya sud hokimiyati vakili da'vo qo`zg`atilganini tasdiqlagan.

"Oilalarning boshidan kechirganlarini his qilish uchun farzandli bo`lish shart emas. Bu eng dahshatlisi", deydi ish bo`yicha bosh maslahatchi Loubna Faraj.

Eslatib o`tamiz, Hindistonda ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” siropini iste'mol qilish oqibatida 2022 yilda O`zbekistonda 20 nafar bola vafot etgandi. Sog`liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligining 2022 yilning 22 dekabridagi buyrug`i bilan “Dok-1 Maks” dori vositalarini dorixonalardan qaytarib olish belgilangan edi.

Shu bilan birga, 20 nafar bolaning vafot etishi ortidan 7 nafar mas'ul xodim lavozimidan ozod etilgani xabar qilingandi. Shundan so`ng, Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax medikal” MChJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilib, gumonlanuvchilar DHH Tergov hibsxonasiga joylashtirilgandi. 

Keyinroq Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasi ushbu dorilarni ishlab chiqarishni to`xtatgani ma'lum qilindi.

Shuningdek, mazkur kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan barcha turdagi dori vositalarining savdosi ham to`xtatilgan. “Dok-1 Maks” tarkibida me'yordan 300 baravar ortiq zaharli modda borligi aniqlangan. Yaqinda “Dok-1 Maks” yo`tal siropini ishlab chiqargan Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi dori vositalari uchun sanoat darajasida ishlatiladigan zaharli moddadan foydalangani ma'lum bo`ldi.

To Top ↑
To Top ↑