Bizda “Qurbon hayiti” yoki “Kichik hayit” deb nomlanadigan kun diniy manbalarimizda “Iyd al-Azha” deb yuritiladi. “Iyd” so`zi arab tilida “qayta-qayta takrorlanish”, “foyda-manfaat” ma'nolarini bildiradi. Hayit kuni har yili takror, qayta-qayta kelgani va bu kunda Allohning ne'matlari bandalari uchun serob bo`lgani bois, uchun uni “iyd” deb atashadi. “al-Azha” esa “qurbonlik qilish”, degan ma'noni anglatadi.
Halqimiz qadimdan, Islom dini bilan musharraf bo`lgan kundan boshlab Qurbon hayitini tantanali ravishda bayram qilib nishonlab kelgan. Iyd namozini o`qish uchun butun shahar ahli bir namozgohga yig`ilgan. Namozdan so`ng beva-bechoralar holidan xabar olish, faqiru kambag`allarga moddiy yordam ko`rsatish, bolalarga hayitlik sovg`alari ulashish xalqimiz ichida an'anaga aylangan.
Bolalarga munosib hadya va sovg`alar ulashilsa, ayni maqsadga muvofiq bo`ladi. Farzandlar yil davomida hayitni eslab yursin, uni orziqib kutsin, uning buyukligini his qila bilsin, ana shunda yaxshi bo`ladi. Bu kabi ishlar bolalar ongida milliy-diniy qadriyatlarimizga nisbatan ehtirom tuyg`usining shakllanishiga, ularning Vatan va millatga haqiqiy sadoqatli insonlar bo`lib tarbiya topishida muhim ahamiyat kasb etadi.