Mahalliy yangiliklar
Telegramʼdagi 10 kishilik guruhga taqiqlangan nashid yuborgani uchun 3 yilga ozodlikdan mahrum qilingan Jahongir Ulug‘murodov ishi bo‘yicha lingvist mutaxassis so‘roq qilindi. Bu haqda advokat Abdumalik Abdullayev ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
Aytilishicha, Jahongir Ulug‘murodovga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishining navbatdagi sud majlisi joriy yilning 21 iyun kuni bo‘lib o‘tgan. Sud majlisiga jalb etilgan lingvist mutaxassisga himoya tomoni bir necha savollar bilan murojaat qilgan.
Savollarga javoban u sudga amaldagi Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi dispozitsiyasida keltirilgan “Diniy ekstremistik, separatistik va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan...” degan matndagi “va” bog‘lovchisi teng bog‘lovchilarning biriktiruvchi turiga mansub bo‘lib, u o‘zidan oldin va keyin kelgan so‘zlarni, shuningdek, shu matndagi vergul tinish belgisi bilan ajratilgan so‘zni, ya’ni barcha uyushiq bo‘laklarni teng maqomda o‘zaro biriktirishini, bu esa aniqlovchi vazifasida kelgan ushbu so‘zlar bir paytning o‘zida ular izohlab kelgan predmetda, ya’ni materiallarda jamlangan bo‘lish shartini ifodalashini tushuntirib began.
“Yana ham tushunarli qilib aytsak, ta’qib ostiga olingan materialda shu modda dispozitsiyasida sanab o‘tilgan yuqoridagi har uchala sifat – diniy ekstremistik, separatistik hamda aqidaparastlik g‘oyalarining barchasi (majmui) bilan yo‘g‘rilganlik belgisi bo‘lishi shartligi oydinlashdi. J.Ulug‘murodovga faqatgina aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materialni tarqatganlik ayblovi ilgari surilmoqda”, degan Advokat Abdullayev.
Bundan tashqari, bir nafar mutaxassis va bir nafar ekspert ham so‘roq qilingan. Advokatga ko‘ra, hozircha sud tanaffus e’lon qilib, navbatdagi sud majlisi 2023 yil 6 iyul kuni soat 15:00 ga belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, Jahongir Ulug‘murodovga Jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tuman sudining 2023 yil 8 maydagi hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash)ni qo‘llab, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.