Bola huquqlari bo`yicha vakil Aliya Yunusovaning shaxsiy qabuliga 11 yoshli bola N.R. buvisi bilan birga kelib, onasi bilan yashaydigan uydan buvisinikiga qochib ketgani, opasi, akasi va singlisi onasi bilan qolganini hamda otasi vafot etganini ma'lum qilgan.
Onasi tomonidan uch marta ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan murojaatchi bolaning so`zlariga ko`ra, bir kuni onasi bilan karta o`ynaganida karta tushib ketgani uchun onasi pichoq bilan ko`krak qafasiga urgan, tanasida pichoq izi chandiq bo`lib qolgan.
Shuningdek, 11 yoshli bolakay maktabga bora olmasligi, o`qishni bilmasligi, buvisi bilan yashashni hohlashini, onasi doimiy ravishda aroq ichishini unga yaxshi munosabatda bo`lmasligini aytgan.
Mazkur murojaat yuzasidvn joriy yilning 16 iyun' kuni holatni joyiga chiqib o`rganish uchun Bola huquqlari bo`yicha vakil Aliya Yunusova va boshqalar bolaning onasi F.R.ning xonadoniga borgan. F.R. o`zini odobsizlarcha tutib, xonadon eshigini ochmasdan, barchani haqoratlab, ketishlarini talab qilgan.
Holat yuzasidan tezkorlik bilan hamkor tashkilotlar, jumladan, ichki ishlar organlari xodimlari bilan ishlar olib borilgan. Shu kuni F.R.ning spirtli ichimliklar ta'sirida bo`lgani va bu holat ko`pdan beri davom etib kelayotgani, uyining sanitariya holati qoniqarli emasligi va qaramog`ida bo`lgan bolalari g`amxo`rliksiz va qarovsiz qolgani aniqlangan.
F.R. davolanish uchun tibbiy muassasaga joylashtirilgan. Bolalar onasi davolanib, oilasiga qaytguncha Voyaga etmaganlarga ijtimoiy huquqiy yordam ko`rsatish markaziga joylashtirilgan.