Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg`oniston bo`yicha maxsus ma'ruzachisi o`zining yangi hisobotida o`smir qizlar orasida depressiya va o`z joniga qasd qilish fikrlari ko`payganini ma'lum qildi. Bu haqda "Husht-e Subh Daily" nashri xabar berdi.
Habarda aytilishicha, BMTning Afg`oniston bo`yicha maxsus ma'ruzachisi Richard Bennett va uning jamoasi 25 iyun' kuni afg`on ayollari va qizlariga nisbatan kamsitishlarga oid yangi hisobotini e'lon qilgan.
Ushbu hisobotga ko`ra, ta'limdan chetda qolgan o`smir qizlar o`rtasida ruhiy tushkunlik, o`z joniga qasd qilish fikrlari kuchaygan. Bu muammo bilan birga majburan turmushga berish, bola savdosi kabi holatlar ham ko`payib borayotgani aytilgan. Shuningdek, kamsituvchi va cheklovchi muhit, qo`rquv muhiti va inson huquqlari buzilishi oldida javobgarlik yo`qligi ayollar va qizlarning huquqlarini ro`yobga chiqarishni imkonsiz qilgani ta'kidlangan.
"Dunyoning hech bir burchagida ayollar va qizlar huquqlariga Afg`onistondagi kabi bu qadar keng, tizimli va har tomonlama hujum qilinmagan. Bu aslida "Tolibon"ning 2021 yil avgustidan boshlab o`z joniga qasd qilish holatlari kamaygani va ayollarning ruhiy salomatligi yaxshilangani haqidagi da'volariga ziddir", deydi Richard Bennett.
Hisobotda aytilishicha, "Tolibon" 2021 yil sentyabridan 2023 yil mayigacha ayollarga qarshi 50 dan ortiq farmon chiqargan. BMT maxsus ma'ruzachisiga ko`ra, "Tolibon" farmonlari ayollar va qizlarning jamiyatda ishtirok etish, asosiy xizmatlardan foydalanish va pul topish imkoniyatlarini sezilarli darajada cheklaydi.
Eslatib o`tamiz, "Tolibon" Afg`oniston ustidan hukmronlik qilgandan so`ng afg`on xotin-qizlariga bir qator cheklovlarni kiritgan edi. Afg`on ayollarining BMT idoralarida ishlashi, erkak shifokorlarga borishi, to`yxonalar faoliyati, universitet va maktabda ta'lim olishi, shifoxonaga yolg`iz borishi va ularning istirohat bog`iga borishi taqiqlangan. Shuningdek, ayollarga ochiq havodagi restoranlarga kirish va Ramazon hayitida ham ko`chaga chiqish man etilgandi.
Dilmurod TILOVOV tayyorladi