Tadbirkor ayiqpolvon
Ayiqpolvon tadbirkor
Bo'lishni xohlab qoldi.
Do'kon ochdi va unga
Turfa shirinlik soldi.
O'tirardi gerdayib,
Savdosi bo'ldi qanday?-
Deganlarga javobim
Eshiting mana bunday:
Bir hafta o'tmay ayiq,
Puliga kuygan emish.
Chunki bor mahsulotin
O'zi yeb qo'ygan emish.
Tomoq og'rig'i
Chiqdi ana isitmam,
Og'riy boshladi tomoq.
Yetmagandek ham yana
Yo'tal tutgani chatoq.
Onam tinmay parvona,
Issiq ko'rpalar – qamoq.
Shuncha g'alva boisi –
Biiiittagina muzqaymoq.
Boshqa safar
Ayiq o'rmon oralab
Yurardi yemak izlab.
Asalari iniga
Termulib ko'mak izlar.
Balandda edi chunon,
Boshida ming xil g'oya.
Qani edi shu zamon
Bo'lsaydi pillapoya.
Shundayin o'ylar bilan,
Turdi tepaga qarab.
Esiga tushdi yana
Ari ketgani talab.
Dilga tugdi ular-la,
Urishib quchmoq zafar.
Shishgan kaft,yuzin silab,
Lek dedi: "Boshqa safar".
Bolalik
Yulduzlardan tizib ko'zmunchoq
Qo'llarimga taqib olaman.
Oymomodan to'lgan falakni
Chertkilayman, kuyga solaman.
Ko'k - soyabon, poyonim koptok,
Yel bag'rida o'ynab tolaman.
Kuchukchamdek daydi erkimni
Quchoqlayman, - uxlab qolaman.
Oshpaz qizaloq Kiyishjonga
Kelsa ishdan onasi,
"Xursand bo'lsin begumon"
Deya taom tayyorlar
Hech tinchimas Kiyishjon.
Bazo'r mitti qo'llari,
Qozonchaga suv solar.
"Shirin bo'lsin ovqat", deb
Ancha go'sht-u yog' olar.
Bari tushar qozonga
Sakrab piyoz, kartoshka.
Berkinmasa gar guruch
Intiq kutar onasin
O'ylar olishin olqish.
Biroq kelmas yodiga
Hali ham gazni yoqish!
Charos Rahimqulova