Temirchi
Ming shaklga solib temirni
Qurol yasar usta temirchi.
Qaynab turar bosqonda olov
Va temirga berilar ishlov.
Lovullaydi ustaxonasi,
Terga to`lar so`ng peshonasi.
Tesha, bolta, belkurak, ketmon…
Temirchilar yasaydi chunon.
Qadimda ham nayza, qilichni,
Temirchilar yasagan, qo`shni!
Bo`lmaganda ular mobodo,
Pichoq, qoshiq… yo`q edi aslo!
Sumalak
Qishloqning ayollari,
Yig`ilishdi bir joyga.
Maslahati bog`landi,
Ikki chelak bug`doyga.
Keyin uni ekishdi,
Har kuni suv sepishdi.
Maysa ko`karib etdi,
Ishlar boshlanib ketdi.
Erkaklar ham bo`sh kelmay,
Qazib berdilar o`choq.
Bolalar o`tin tashib
Berdilar quchoq-quchoq.
Kechasi ham uxlamay,
Pishirdilar sumalak.
Qizlar qozon kovlashdi,
Sochga taqib jamalak.
Bir kechayu bir kunduz,
Sumalak qaynab yotdi.
Qishloqning keksalari,
Kelib, ta'mini totdi.
Sumalak pishgandan so`ng,
To`yib-to`yib edik biz.
Aziz onajonlarga,
Katta rahmat dedik biz!