x

Sarlavha

 

Qobiljon Shermatov Otaqo`zi o`g`li 1997-yilning 22-iyunida Farg`ona viloyati, Yozyovon tumaniga qarashli Cho`liguliston qishlog`ida tug`ilgan. Maktab davridanoq turli tanlovlarda o’z she`rlari bilan qatnashadi. O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan 2011-yilda Do`rmon ijod uyida o`tkazilgan “Bolalar adabiyoti seminari kunlari”da bu qalamkash yuqori baho olganlardan biri deb topildi. Shundan so`ng ijodkorning “Qishloqjonim” nomli she`rlar to`plami  ijod fondi tomonidan 20 ming nusxada chop etildi va Respublikamizning ko`plab o`quv yurtlariga tarqatildi.

 

“Bolalar olami” sayti orqali Qobiljon Shermatovning ijodidan namunalar taqdim etamiz. Quyida ushbu yosh ijodkor qalamiga mansub bir qator qiziqarli she’rlarni o‘qishingiz mumkin.

 

Askar she’rlar

 

Navoiyning she'rlari,

Ma'rifatning qo'shini.

Chopar ming-ming "pahlavon"

Jaholatning to'shini.

 

Sharafdur bu janggohda

Fuzuliyga qo'shilmoq.

Qalam sermab yovuzlik

Terisini shart shilmoq.

 

Qandoq baxtdir Jomiyga

Yelka tutib kurashish.

Yo otdagi Boburning

Jiloviga qarashish.

 

Saodatdir o'qlardan

Ogahiyni poylamoq.

Yo jadid bobolarning

Yarasini boylamoq.

 

Ular edi chin jangchi,

So'zda to'g'ri, chayirlar.

Qo'shilolmas bu safga,

Bugun ko'p-ko'p shoirlar.

 

Baytlarida maddohlik,

Jimjimador tashbehlar.

Yo'qolmoqda guldasta

Ichidagi tanbehlar.

 

Dami yetmas yolg'onchi,

Poraxo'rni yanchishga.

Igna qilib aqalli

Jaholatga sanchishga.

 

Hayosi yo'q har bir she'r

Ayonki,  teskarimiz.

Yo bo'lmasa, shaytonga

SOTILGAN askarimiz!

 

    

Maymuncha

 

Yo'ling tushsa

O'rmonga.

Bir kirib o't

Mehmonga!

Tunab qolsang

Biror kun,

Nonushtangga

Sen uchun

Keltiraman

Tuzab joy:

Banankulcha,

Bananchoy.

Yoqaman

Yana olov.

Tushlikka —

Bananpalov.

Mehmonimsan

O'zing ayt

Nima qilay

Kechki payt?

Istayapsan

Chamamda

Sho'rva qilsam

Banandan!

 

Tovuq xolaning allasi

 

Ko'kka chiqdi kulcha oy

Aytayin alla jo'jam!

Oldingda bor ikki yo'l

Maqulin tanla jo'jam.

 

Biri shu — sardor bo'lib,

Qavming dardin ketkazish.

Ikkinchisi — bor umring

Xashak titib o'tkazish.

 

Hatto senga suyansin

Beva o`rdak holang ham.

Shunday o'ssin ishqilib,

Mendan keyin bolang ham.

 

Muzday joyda yonboshlab

Yotar ayrim xo'rozlar.

Kulib o'tar ularga

Bilsang o'rdak-u g'ozlar.

 

Ketsalar ham katakdan

Tuxumlarni o'g'irlab.

Yotaverar beorlar

Patlarini to'girlab.

 

Pichoq ko'rsa ko'zlar

Shundagina bo'lar nam.

Bundaylardan afsuski,

Chiqmas shirin sho'rva ham!

 

Pingvin xolaning allasi

 

Vatan qayda? — sen bosgan

Aziz izingda.

Vatan qayda? — ko'kdamas,

Sening o'zingda.

 

Vatan nima? — onangning

Issiq quchog'i.

Yoki sen yorib chqqan

Tuxum po'chog'i.

 

Ona sichqon

 

Ona sichqon omborda

Tushib qoldi qopqonga.

Chil-chil bo'lib oyog'i

Belanib ketdi qonga.

 

Zo'rg'a bir so'z aytdi u:

—Ko'rmay qoldim tuzoqni!

Deya o'g'il qo'liga

Berdi so'nggi ushoqni

 

 Arxitektor

 

Quraylik deb boshpana

Majlis yig'di hayvonlar.

Keldi fillardan tortib

Tipratikan, quyonlar.

 

Hatto qushlar jam bo'lib

Terildilar archaga.

So'ngra Arslon bir gapni

Eshittirdi barchaga.

 

- Ichimizda bormi bir

Uy qurishni biluvchi?

Qoplon aytdi: - Biz faqat

Go'shtdan etni shiluvchi.

 

- Biror aqlli hayvon

Boshliq bo'lsa bu ishda.

Shuncha qurgan uyimiz

Qulab tushmaydi qishda.

 

Juda nozik yumushni

Hech kim olmay yelkaga.

Arxitektor topishni

Topshirishdi Tulkiga.

 

Sho'rlik tulki axtarib,

O'n kun o'tdi oradan.

So'ng daydi bir Eshakni

Topib keldi daladan.

 

Qoplon "nozik" mehmonni

Kutib oldi erkalab.

...Isha boshlandi o'rmonda

Ertasiga ertalab.

 

Eshak dedi:- Quray bir

Hashamatli molxona.

Shunday katta, chiroyli,

Molxonamas, koshona!

 

Poydevorni o'tlardan

Tozalashdi To'ng'izlar.

Shag'al to'play boshlashdi

Keyin shoxdor qo'ng'izlar.

 

Loyni chayib Begimo't

Oyoqlari uyishdi.

Timsohlar loy tashidi

Maymunlar g'isht quyishdi

 

Yengil-yelpi ishlarga

Ursada hamma jonni.

Polvon Fillar muhimi

Zo'r quydilar betonni.

 

Devor urib maymunlar

Bitirishdi "xom"ini.

Po'stloq shilib yopdilar

Jirafalar tomini.

 

Eshak dedi:- So'ngi ish-

Romga oyna soldirish.

Obbo, esdan chiqibdi

Eshikka joy qoldirish.

 

    Qobiljon Shermatov

To Top ↑
To Top ↑