x

Faxriyor Baxtiyorov 2002-yil 1-iyul kuni Navoiy viloyati Xatirchi tumanida tug'ilgan. Badiiy ijodning nazm (she'riyat) yo'nalishida ijod qiluvchi qahramoninmiz O'zbekiston Yozuvchilar Uyushmasida tashkil etilgan "Onajonim she'riyat" to'garagi a'zosi hisoblanadi. U hozirda Toshkentdagi O'zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida tahsil olib kelmoqda.

“Bolalar olami” sayti orqali Faxriyor Baxtiyorovning ijodidan namunalar taqdim etishni lozim topdik. Quyida ushbu yosh ijodkor qalamiga mansub bir qator qiziqarli she’rlarni o‘qishingiz mumkin.

Ikki baho olsam ham mayli

Sening o'rning birinchi parta
Mening joyim esa beshinchi.
Senga kulib qaragim kelar
Keyin nima bo'lar? Keyinchi?

O'rtamizda uchta parta bor
Intiladi senga qushyurak.
Sening husning ko'rishim uchun
Men doskaga chiqishim kerak.

Xat savodim o'zga yarasha
Matematik amallar qiyin.
Sening husning ko'rsamu, ammo
Ikki baho olishim tayin.

Menga kulib qaragin bir bor
Majnun bo'lay, bo'lgin sen Layli.
Sening husning ko'rishim uchun
Nechta ikki olsam ham mayli.

 

Alifbeni tugatdi jiyan!

Alifbeni tugatdi jiyan
Xat yozadi qizlarga, kechga.
Qilmoqdaman har kun nazorat
Baholari tortadi beshga.

Muhabbatning belin sindirmay,
Yetti yoshga qoplar hislarni.
Yozgan hamma xatni bildirmay.
Sumkasiga solar qizlarni.

Alifbedan foyda yo'q deya.
Jiyan xafa ishqiy hayotsiz.
Maktublarga javob yo'q, balki
Xatni olgan qizlar savodsiz.

Menday tog'ang bor axir jiyan
Nega jimsan, ne uchun miqsan?
Ey, zerikma, javob qaytarar
Qizlarniyam savodi chiqsa.

 

Nega sevmayman deysan?

Bu turishda sevgilim,
Meni tiriklay yeysan.
Mo'ylov sabza uryapti,
Nega sevmayman deysan?

Muhabbat sir bo'ldiku,
Yuragim kir bo'ldiku,
Xafsalam pir bo'ldiku,
Nega sevmayman deysan?

Alam jondan kecharlik,
Buncha tubsiz bu jarlik,
Qilib yana o'jarlik,
Nega sevmayman deysan?

Yosh maromdan oshyapti,
Yurak sevib shoshyapti,
Yuzga “ugri” toshyapti,
Nega sevmayman deysan?

 

To‘qqizinchi daha “Damas”i

Asta sekin tashlaysan qadam
Men qolaman ortingdan tinib.
Kaminaga xayr demasdan
Damasingga ketasan minib.

Yorishmaydi ko'nglimdagi oh
Yorishmaydi qalbim chehrasi.
Senga xayr demasimdanoq
Olib ketar to'qqiz damasi.

Menga xayr demay ketganing
Yuragimga qilgandek alam.
Avtobusda ketmoqchidayin
Avtobusni kutaman men ham.

Ayriliqli sevgimizga ham
Eh, hech kimning kelmas havasi.
Agar menga qiyo boqmasang
Yonib ketsin to'qqiz damasi.

 

Tasvir

Quyonimdek yoqimtoysanu
Ming'irlaysan mushugimdayin
Yuragimni supurmoq uchun
Bo'lsa kerak sochlaring mayin.

Ishing tushib qolganda yuvosh
Bosh egasan tovug'im kabi.
Shokoladdir niyating balki
Muzqaymoqdir buning sababi.

Gapirmayman o'zga qizlarga
Mushkul holga tushmog'im tayin
Agar seni sevmayman desam
Qopsang kerak kuchugimdayin.

To Top ↑
To Top ↑