Bugun yoshlarimiz baxtli, chunki ularning ota-onalari boshida, ular uchun kerakli narsalarni ortig`i bilan olib bermoqda. To`g`ri, bu ishlar ota-onaning farzand oldidagi asosiy vazifalaridan hisoblanadi. Afsuski, ba'zi ota-onalar o`zlarining vazifalari faqat shu deb o`ylashadi. Holbuki, bulardan ham muhim, bulardan ham qiyin va bulardan ham asosiy vazifa ham bor, bu farzandning ma'naviy-axloqiy tarbiyasidir. Payg`ambarimiz Muhammad (s.a.v.) bunday marhamat qiladilar: “Ota-ona farzandiga yaxshi xulqdan ham ortiqroq narsa bera olmaydi”. Demak, ota-ona farzandiga beradigan eng yaxshi narsasi qimmatbaho kiyim, yaxshi taom yoki ajoyib sovg`a emas, balki go`zal xulq va yaxshi tarbiyasi ekan. Chunki kiyim, taom yoki sovg`a bolaga ma'lum vaqt foyda beradi, vaqt o`tishi bilan esa eskiradi. Go`zal xulq, yaxshi tarbiya esa farzandga umri davomida foyda beradi. Nafaqat umri davomida, balki vafotidan keyin oxiratda ham naf keltiradi. Zero, hadisi sharifda: “Banda go`zal xulqi ila kechalari ibodatda qoim bo`luvchi hamda kunduzi ro`za tutuvchining darajasi – savobiga erishadi”, deyilgan.
Tan olish kerakki, ba'zi oilalarda ota-ona ertalabdan kechgacha ishlab, ko`cha-ko`yda yuradi, uyda bo`lgan vaqtlarida ham o`z ishlari bilan ovora bo`lib farzandlariga vaqt ajrata olmaydi. Natijada farzand tarbiyani telefon, internet, televizor hamda ko`cha-ko`ydan olmoqda. Shunday tarzda ulg`aygan bola yaxshi xulqli, odobli, ilm-ma'rifatli va kelajakda el-yurtiga xizmat qilib, ota-onasiga rahmat olib keladigan bo`lib ulg`ayishiga kim kafolat bera oladi?!
Farzandlarimiz, bo`sh vaqtlarida nima bilan shug`ullanmoqda, kuni bilan vaqtini nimalarga sarflayapti, uydagi televizor yoki kompyuterda nimalarni tomosha qilayapti, siz olib bergan telefondan yana qanday ishlarda foydalanmoqda, internetda qanday ma'lumotlarni o`qib, qanday lavhalarni ko`rmoqda, ko`chada kimlar bilan do`st bo`lib, ular bilan vaqtini qanday o`tkazmoqda yoki siz berayotgan pullarni qayerlarga sarflayapti?! Bunday ishlarda farzandni nazoratsiz qoldirish mumkin emas.
Bir odam o`g`li bilan birga hazrat Umar (r.a.)ning huzuriga keldi:
“Bu o`g`lim, menga itoat etmaydi”, deya shikoyat etdi.
“Allohdan qo`rqmaysanmi, nega ota-onangga qarshi chiqasan? Ota-onaning farzandda juda ko`p haqlari bor”, deya hazrati Umar o`smirni ogoh etib, tanbeh berdilar.
“Ey mo`minlar amiri, bolaning ham otada biron haqqi bormi?” deya so`radi yosh yigit.
“Ha, bor. Avval yaxshi xotinga uylanishi, bola tug`sa, yaxshi ism qo`yishi, unga Qur'oni karimni va farz ibodatlarini o`rgatishi, uylanadigan yoshga etgach uylantirishi – bolaning otasidagi haqlaridandir”, dedilar hazrati Umar.
“Allohga qasamki, otam musulmon ayollarni qoldirib, 400 dirhamga sotib olgan bir cho`ri bilan turmush qurdi. Menga yaxshi ism qo`ymadi. Ismimni qurt – hashorat ma'nosida Juhla deb qo`ydi. Menga Qur'oni karimdan va ibodatlardan hech narsa o`rgatmadilar”, dedi. Buni eshitgan hazrati Umar o`smirning otasiga qarab: O`g`lim menga itoat etmaydi, deysan. Hobuki, u senga qarshi chiqishdan avval sen uni haqlarini toptab, farzanding oldidagi vazifalaringni ado etmabsan-ku. Endi bor, avval o`z vazifalaringni bajar, - deya haligi kishiga tanbeh bergan ekan.
Hadis sharifda “Farzanding yo jannating yoki do`zaxingdir”, deb aytilgan. Agar ota-ona farzandini yaxshi xulqli, odobli va imon-e'tiqodli qilib tarbiyalasa, bunday farzand qiyomat kunida o`zi bilan ota-onasini ham jannatga etaklaydi.
Shunday ekan, har bir ota-ona farzandlarining tarbiyasiga ko`proq e'tibor berishi, ularga alohida vaqt ajratib, odob-axloqdan ta'lim berishi, ularni doimo nazorat qilib borishi, yomonlarga yaqin yo`latmasligi lozim ekan. Ana shunda ular ota-onasi va el-yurtiga xizmat qiladigan, ularga ikki dunyoda obro` olib keladigan, yuzlarini yorug` va boshlarini yuqori qiladigan farzandlar bo`lib katta bo`lishadi.
Abduvali HAQNAZAROV