x

Kambag`al ishchi bir kuni ishdan haydaldi Boshqa daromadi bo`lmagani uchun bolalari uch kun ovqatsiz, nonsiz  qoldi. U odam ish qidirib qayoqqa borsa, “ish yo`q” deb eshikni yuziga yopishdi. Ustma-ust uch kun qorni och qolgan bolalarning xarxashasi onaning yuragini ezib yubordi. Chorasizlik bilan turmush o`rtog`iga: “Ko`ryapsizmi bolalarni? Ochlikdan yuzlari sarg`ayib ketdi. Biz-ku mayli chidaymiz, lekin ular bunga chidolmaydilar. Bu ishning oxiri nima bo`ladi? O`ylab ko`rdingizmi?” dedi.

Er egilgan boshini ayoli tomon qaratib: “Necha kundan beri bormagan joyim qolmadi. Eng kam oylikka bo`lsa ham ish qidirdim, bir kun bo`lsa ham qorningiz to`ysin, deb. Lekin hech kim menga ish bermayapti. Bolalarimning bu holi mening ham yuragimni ezib yubordi. Lekin ko`rib turibsanki, qo`limdan biror narsa kelmayapti” dedi. Shunda ayoli: “Unday bo`lsa mening kelinlik kunlarimdagi ro`molimni olib borib soting, necha pul bo`lsa ham biror narsa olib keling, bolalarimizning qornini to`ydiraylik. Qolganiga Alloh Karimdir. Rizq berguvchi Udir. Bizga albatta biror xayrli eshik ochiladi” dedi.

Er uyatdan qizarib, tushib qolgan qiyin vaziyatni o`ylab, ayoli sandiqdan olib bergan hali yap-yangi turgan ro`molni olib, bozorga bordi. Ro`molni o`sha paytda ikki dirhamdan ortig`iga olmasdilar. Olgan puliga biror egulik olish uchun ketayotganda yo`lda tilanchiga duch keldi. Tilanchi o`tgan-ketganga shunday der edi: “Alloh rizosi va Payg`ambarining ishqi uchun bo`sh o`tmang. Allohni xursand qilish uchun menga yordam berishni xohlovchi yo`qmi? Dunyoda hech narsasi yo`q, haqiqiy muhtojman.

Ro`mol sotgan odam tilanchining oldiga keldi. Ayolining ro`moli pulini — necha kundir hech narsa emagan bolalari uchun biror narsa olmoqchi bo`lgan pulini tilanchiga berdi. Endi bo`sh qo`l bilan uyga borish ham noqulay edi. Ro`molning pulini so`ragan ayoliga nima deb javob beradi? “Ro`molingga ikki dirham berishdi, uni tilanchiga berib yubordim, uning yalinib-yolvorishiga chidolmadim” deb qanday aytadi? Shu o`ylar bilan masjidga kirib shom namozini o`qib, bo`sh qo`l bilan uyiga qaytdi. Ayoli va bolalari uni biror egulik opkeladi deb kutib o`tirishgan edi.

Kech qolganiga yaxshiroq biror narsa olib kelsa kerak, deb o`yladilar. Ota umidsizlik bilan eshikdan qaradi, ayoli bu holatga hayron edi. Bolalari esa bu kecha ham och qolishlarini o`ylab majolsiz ovozda yig`lay boshlashdi. Ayol ham hayron, ham jahl ohangida ro`molni nima qilganligini so`radi.

Er ayoliga hammasini birma-bir aytib berdi. Ayol ishning aslini bilgach, sabrli ohangda: “Ro`molning pulini Alloh yo`lida bergan ekansiz, U ulug` va boydir. Saxiyligingiz evaziga bizga xohlagan vaqti uning evazini berishga Qodirdir. Siz to`g`ri ish qildingiz, qani ko`ramiz, qaysi eshikni ochar ekan?” dedi.

Ertalab ayol turmush o`rtog`iga otasining uyidan olib kelgan devor soatini berdi va: “Buni soting va evaziga qancha egulik kelsa olib keling” dedi. U bozorga borib, soatni sotishga harakat qiladi. Lekin hech oluvchi topolmaydi. Charchab, horg`in kelayotganda bir baliq sotuvchisiga yo`liqdi. Baliqchi baland ovozda: “Baliq bor, baliq” deb baqirardi. Qo`lida ikki donagina baliq qolgan edi.

Faqir kishi baliqchining yoniga borib: “Bu soat menga, bu baliqlar senga naf keltirmaydi, shuning uchun shu ikki balig`ingni menga ber, men senga shu soatni beray” dedi. Mijoz yig`ish uchun ertalabdan beri baqirayotgan baliqchi bu odamning taklifini qabul qildi. Baliqlarni berib, soatni olib ketdi.

Necha kundan beri uyiga birinchi marta egulik olib ketayotganndan juda xursand bo`layotgan ota baliqlarni qo`liga olishi bilan uyiga yugurdi. Otalarining egulik olib kelganini ko`rgan bolalar juda xursand bo`lib ketishdi. Ayol baliqni tozalash uchun oshxonaga kirdi. Biroz o`tib xayratlanib xojasini chaqirdi. Baliqlardan birining qornidan kattakon inju chiqdi.

Faqir odam injuni olib zargarning oldiga bordi. Zargar injuning bebaho ekanligini, agar o`ziga sotishsa 14000 dirham berishini aytdi. Faqir odam qiyinchiliklar ortda qolganini sezdi. Alloh unga ne'mat eshiklarini ochganini tushundi. Zargarga uni 14000 dirhamga sotib, pulini olib uyga qaytdi. Bo`lib o`tgan voqeani uyiga kelib, ayoliga ham aytib berdi. Hammalari g`amlarni aritgan Allohga shukronalar aytishdi.

Shu payt eshikda tilanchining ovozi eshitildi: “Ey uy egalari, Alloh sizga bergandan menga ham bering!” Faqir kishi eshikni ochib: “Shu paytda Alloh bizga hech kutmagan joyimizdan 14000 dirham hadya qildi. Modomiki, sen Alloh rizosi uchun Alloh berganidan so`rayapsan, men ham shu pulning yarmini senga beray, qolgan yarmi bizniki bo`lsin”.

Birgina so`zi uchun 7000 dirhamga ega bo`lganidan xursand tilanchiga pulning yarmini olib chiqish uchun uyiga kirib ketdi, chiqib qarasa tilanchi yo`q. U er-bu erni qarasa hech qayerda ko`rinmadi.

Uy egasi o`sha kuni g`am-tashvishlardan xoli uyquga ketdi va tushida boyagi tilanchini ko`rdi. Undan nega ketib qolganligini so`raganda, tilanchi: “Men tilanchi emas edim, Allohning farishtalaridan biri edim. Hayrli ishlarni qay darajada yaxshi ko`rishing va Allohga bog`liqlik darajangni bilish uchun inson shaklida sening uyingga keldim. Meni Alloh seni oxirgi marta sinab, darajangni yuksaltirish uchun xonadoningga yubordi. Oldingi kuni ayolingning ro`molini sotib, ikki dirham olganingda o`sha ikki dirhamni olgan ham men edim. O`sha ikki dirhamni xotirjamlik bilan Alloh rizosi uchun menga berganing uchun Alloh senga injuni berdi. Bugungi saxiyliging uchun esa narigi dunyoda tengsiz ne'matlar bilan to`la Jannatga erishasan”.

Seningdek eng qiyin vaziyatlarda ham Alloh rizosini barcha narsadan ustun qo`yuvchilarga xushxabar bo`lsin…

 Turk tilidan Nargiza Atabayeva tarjimasi

To Top ↑
To Top ↑