Qariyb har bir katta yoshdagi inson o`z bolaligini qo`msaydi. Imkoni bo`lsa, o`sha beg`ubor bolalikka qaytgisi keladi. Quyidagi she'r esa aynan bolalik yillarini yodga soladi.
Qayda qoldi sof, beg`ubor bolaligim,
Oqib ketdi men cho`milgan ariqlarda!
Qolgan yodi, shiringina hayollari,
Yashayapti yurakdagi yoriqlarda.
Izlasam ham topilmasdi hech muammo,
Otajonim elkasidan tushmas edim,
Endi esa mehribonlar serob, ammo,
Bir erkalik qilishga hech sig`mas haddim!
Harhashalar qilar edim haddan oshib,
So`zim so`zu, istaklarim qonun edi!
Kim nechaning ko`ngli bilan hisoblashib,
Iltifotlar qilishim shart o`zim endi!
Zolim yillar o`sha jajji qizaloqni,
Turmush degan og`ir yo`lga boshlab ketdi,
Bu dunyoning tashvishlari behijolat,
Yuzlarimga izlarini tashlab ketdi!
Tongda qo`ngan shudringdan ham eding toza,
Farishtadek gullardan ham eding so`lim.
Tushlarimga kirib turgin hech bo`lmasa,
Suratlarda qolib ketgan bolaligim!
Malika Salimova