x

Bolalar va o`smirlar adabiyoti xalqaro kengashi (International Board on Books for Young People — IBBY) tashabbusi bilan 1967 yildan buyon har yili 2 aprelda Hans Kristian Andersenning tug`ilgan kunida bolalarda kitob o`qishga mehr uyg`otish va e'tiborni jalb qilish maqsadida Halqaro bolalar kitobi kuni nishonlanadi.

Ma'lumot uchun: IBBY 1953 yilda Shveytsariyaning Tsyurix shahrida YuNYeSKOning Bolalar va o`smirlar adabiyoti bo`yicha xalqaro kengashi tomonidan tashkil etilgan. IBBY Nizomiga muvofiq har bir davlatda Milliy sho`ba tashkil etilishi mumkin, uning asosiy maqsadi — bolalar va yoshlar uchun milliy adabiyotni xalqaro miqyosda rivojlantirish va ommalashtirishga ko`maklashish maqsadida ijodiy va ijtimoiy kuchlarni birlashtirishdan iborat.

2022 yil yanvar' oyidan boshlab O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashabbusi bilan Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Respublika ma'naviyat va ma'rifat markazi, Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy kutubxonasi, Respublika bolalar kutubxonasi, O`zbekiston noshirlari va kitob savdosi milliy assotsiatsiyasi ishtirokida IBBYda O`zbekiston Respublikasining Milliy sho`basi tashkil etildi.

IBBY Milliy sho`balari Halqaro bolalar kitobi kunining xalqaro tashkilotchisi (homiysi) bo`lish imkoniyatiga ega. Tashkilotchi davlat — IBBY ijroiya qo`mitasi tomonidan tanlov asosida aniqlanadi. Tashkilotchi mavzuni belgilash, butun dunyo bolalariga Murojaat yozish uchun mezbon mamlakatning taniqli muallifini va maxsus afishani loyihalash uchun taniqli rassomni taklif qilish huquqiga ega bo`ladi. Ushbu materiallar kitob va kitobxonlikni targ`ib qilish uchun foydalaniladi.

2022 yilgi Halqaro bolalar kitobi kuni tashkilotchisi — IBBY Kanada Milliy sho`basi hisoblanadi.

2022 yilgi Halqaro bolalar kitobi kuni munosabati bilan jahon bolalariga murojaat:

«Hikoyalar, ertaklar qanot yozsa qanday soz,
Ular bergan zavq ila yuraklar qilar parvoz!»

Mutolaa — bu erkinlik. Mutolaa — bu nafas olmoqlikdir.

Mutolaa zavqi, ya'ni kitob o`qish istagi Seni dunyoga boshqacha ko`z bilan qarashga o`rgatadi. Seni yangi va yangi olamlarga boshlaydi, Sen bu yangi dunyolarni sira tark eta olmaysan.

Mutolaa qalbingga orzular havasini soladi. 

Kitob — bizning do`stimiz, deyishadi, darhiqaqat shunday, u — do`stlarning ham eng sadoqatlisidir.

Sen kitob o`qiyotganingda qalbingdagi bor ezguliklar bo`y ko`rsatadi, o`sadi, ulg`ayadi va kamolotga erishadi.

Chindan ham hikoyalar, rivoyatlar — sening qanotingdir. Sen ularning yordamida bepoyon osmonlarda charx urib, o`zingga manzur kitoblar sari talpinasan, kitoblar esa Seni o`z qalbing, yuraging hamda aqling tomon boshlab boradilar.

Hikoyalar, rivoyatlar — bamisoli malhamdir. Ular Seni davolaydi.

Ko`ngligga taskin beradi. Seni ilhomlantiradi. Bilimingni oshiradi. Modomiki shunday ekan, keling, barchamiz baralla: «Yashasin hikoyanavislar, roviylaru baxshilar, o`quvchilar hamda tinglovchilar!» — deylik. «Yashasin kitoblar!» — deylik.

Zero, ular bizlarni davolaydi, dardlardan forig` qiladi. Dunyoni yanada go`zal, yanada mukammal etadi!

To Top ↑
To Top ↑