So`fiylikning mashhur shayxlaridan Abdulqodir G`iloniy (rahimahulloh) shunday hikoya qiladi:
"Bolaligimdan meni to`g`riso`z, rostgo`y bo`lishga o`rgatishgan edi. Bir kuni Makkadan chiqib, ilm olish maqsadida Bag`dodga boradigan bo`ldim. Onam yo`l xarajatlari uchun qirq dinor pulni choponim qatiga tikib berar ekan, mendan hech qachon, har qanday holatda ham yolg`on gapirmaslik haqida va'damni oldi. Karvon bilan Hamadon o`lkasiga etganimizda qaroqchilar to`dasi hujum qilib, karvondagilarning bor-budini tortib oldi. Qaroqchilardan biri: "Sening nimang bor?" deb so`radi. Men: "Choponim qatida qirq dinor oltinim bor", deb rost gapirdim. U hazillashyapti, deb o`ylab nari ketdi. Boshqa qaroqchi yana shu savolni berdi va unga ham qirqta oltinim borligini aytdim. U meni to`da boshlig`iga olib bordi. Boshliq: "Rostini aytishga seni nima majbur qildi?" deb so`radi. Men: "Onamga hech qachon yolg`on gapirmayman, deb va'da berganman", dedim.
Shunda qaroqchilar boshlig`ini birdan qo`rquv bosdi. U qichqirganicha ushbu so`zlar bilan o`z kiyimlarini yirta boshladi: "Sen onangga bergan va'dangni buzishdan qo`rqib, oltinlaringni ko`rsatyapsan, men esa Allohga bergan va'damni buzishdan qo`rqmayapman".
Keyin u odamlariga barcha tortib olingan narsalarni qaytarib berishni buyurdi va: "Mana, sening huzuringda gunohlarim uchun Allohga tavba qilyapman", dedi. Boshqa qaroqchilar ham unga: "Sen talonchilikda bizning to`daboshimiz eding, endi tavba qilishda ham rahnamoyimiz bo`l!" deyishdi.
Mazkur hikoyadan olinadigan hikmat shuki, berilgan va'dani albatta bajarish lozim. Bundan tashqari rostgo`ylik ham yaxshi fazilat hisoblanib, ayrim vaziyatlarda shunchaki to`g`risini aytganingiz uchun ko`p yaxshiliklarga sababchi bo`lishingiz mumkin.