Anil Chandra
Ajay Prasad birdan qizardi. Nega uning ustozi bolaga peshonasini tirishtirib norozi qarayapti ekan? O`n yoshli bolakay tik qomatli, yuzida hamisha tabassum bilan yuradigan o`qituvchisi Kumar xonimni xurmat qilardi. Ustozi doim uning boshini silab, berilgan topshiriqni javobini so`rar, o`quvchisi ham vazifalarni to`ppa-to`g`ri bajarardi. Lekin bugun nima bo`ldi? Bola nima xato qildiykin?
Maktabdan uyga qaytgach, Ajay ko`zguga qarab o`qituvchisining tund qiyofasini jonlantirishga urindi. Balki kiyimi yaroqsiz va yupun bo`lgani uchun shunday qildimikin? Axir hozir Laknovda ellik uchinchi yilning izg`irin qahratoni kezmoqda.
Ajayning otasi elliginchi yilga qadar temir konida usta bo`lib ishladi. So`ng esa kon yopildi. Ishsizlikdan sarson bo`lgan kezlari esa onasi bir xonadonda xizmatchi bo`lib ishlay boshladi. To`rt farzandli bu oila uch xonali katalakdek uyda istiqomat qilishardi. Kechasi esa kalamushlar bolalarni bezor qilardi.
Kumar xonim bu kalamushlar haqida bilmasa kerak. Ajayning boshi qotdi. Axir u a'lochi o`quvchi-ku, ingliz tilini hammadan zo`r biladi. Hullas, o`sha tun Ajay ustozidan so`rab barini oydinlashtirib olishga qaror qildi. Biroq ertasiga ertalab maktabda bu qat'iy qaror quyoshda qolgan yaxmalakdek erib ketdi. Hayriyatki, darsdan so`ng Kumar xonimning o`zi bolani maktab ayvoniga boshladi.
– Men bilan yur, Ajay.
Ular ayvondan chiqib, tashqaridagi oyoq kiyim do`koniga yo`l olishdi.
– Shu erda o`tir, – buyurdi ustozi.
So`ng sotuvchiga yuzlandi:
– Mana bu bolaga loyiq keladigan botinkangiz bormi?
Sotuvchi uning o`lchamini so`ragach, Ajayga loppa-loyiq bir botinkani tutqazdi. Qo`lidagi karton qutini quchoqlab olgan bolakay ustoziga ergashdi, biroq ular gaplashishmadi. Ular kiyim do`koniga kirishdi. Bu erda ustozi Ajayga yangi ko`ylak va shim sotib oldi. Bola peshtaxtadagi narxlarga qarab, umrida buncha pulni ko`rmaganligi uchun esankiradi. Hariddan so`ng ular maktabga qaytishdi va bir piyoladan issiq choy ichishdi. Ajay esa o`z minnatdorchiligini qanday ifodalashni bilmasdi.
– Endi esa uyingga boraqol, – dedi ustozi birozdan so`ng.
“Bu yaxshiligingizni hech qachon unutmayman”, shivirladi bolakay xonadan chiqar ekan.
Bir qancha vaqtdan so`ng maktab yopildi, o`quvchi va o`qituvchilar quvildi. Ajay esa minnatdorchilik bildirolmay qoldi, boisi o`qituvchisi yo`qolib qolgandi.
Ajay faqat bir maqsadda – ustozining ko`ziga uyalmay qarash va qilgan yaxshiligi zoye ketmaganligi, bilimli insonga aylanganligini isbotlash uchun tinib bilmay izlanardi. O`qishga ixlos qo`ygan Ajay ulg`ayib etuk injener bo`ldi. Uylanib, ikki o`g`ilning otasiga aylandi. To`qson birinchi yilga kelib, Ajay yurak xuruji tufayli kasalxonaga tushdi. Shunda o`sha qadrdon ustozini yodga oldi va izlashlarini buyurdi. U Kumar xonim tirikligiga umid qilar va qayerda yashashi bilan juda qiziqardi. Avgust oyida nihoyat, qishlog`idagi maktabdan xat keldi, uni Kumar xonimning o`g`li yozgandi. Aytishicha, Kumar xonim va janob Kumar o`n besh yil avval nafaqaga chiqib, Dehradunga ketishgan ekan. Hatda ularning telefon raqami ham keltirilgandi.
– Allo... – Ajay ustozining ovozini darhol tanidi.
– Kumar xonim, bu Ajay! Ajay Prasad.
Ajay o`zini obdan tanishtirgandan so`ng Sheyla Kumar gap boshladi:
– Ajay, meni kechirasan, seni eslolmayapman. U paytlarda och va yupun bolalar juda ko`p edi...
– Hech qisi yo`q, – dedi Ajay va yaqin orada ustozining yoniga borib uchrashmoqchiligini bildirdi.
– Oh, Ajay, yo`l juda olis-ku?
– Masofaning ahamiyati yo`q, sizni ko`rmoqchiman.
Ayol bir muddat jim bo`lib qoldi.
– Men o`sha esingda qolgan ustozing emasman. Hozir juda keksayib, munkillab qolganman.
– Men ham albatta yosh bolakay emasman.
Ahvoli o`nglangach, Ajay Dehradunga yo`l oldi. Poyezddan tushib bir dasta qizil atirgul harid qildi va ayolning manzilini ko`zlab keta boshladi. Sheyla Kumar o`quvchisini eng yaxshi sarisini kiyib, yuziga doimiy tabassumini qo`ndirgancha kutib oldi. Ular stol atrofida qirq yillik xotiralarini gurunglashishdi.
– Sizni, siz olib bergan kiyimlarni ko`p esladim, – dedi Ajay.
Ular xayrlashishar ekan, Sheyla o`quvchisi uni yo`qlagani uchun qanday minnatdorchilik bildirishni bilmasdi.
– Oh, Ajay, tilimga so`z kelmaydi.
– Qo`yavering, bir vaqtlar men ham sizning holingizga tushganman. Mana, nihoyat, rahmat aytishga fursat etibdi. Menga qilgan yaxshiligingiz huddi mana shu gullardek samimiy va begard edi. Endi siz shu gullarni asrang...
Nodirabegim Ibrohimova tarjimasi